Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ot sportining "polo" turi bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi
20:30 / 2024-10-05

Sirdaryo viloyati Chavandozlar maktabining “Otchopar” maydonida Sirdaryo viloyati hokimligi, Milliy gvardiya hamda O‘zbekiston "Polo" federatsiyasi tashabbusi bilan ot sportining “polo” turi bo‘yicha respublika musobaqasining mintaqaviy bosqichi o‘tkazildi.

Musobaqada  Toshkent shahri, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari chavandozlar maktablari chavandozlari ishtirok etib, o‘zaro bellashdi.

– Bilamizki,  azal-azaldan yurtimizda  otga  insonning sodiq hamrohi sifatida qaralgan. To‘yu tadbirlar esa ko‘pkarisiz,  ot sportining boshqa turlarisiz o‘tmagan, – deydi Sirdaryo viloyati Chavandozlar maktabi direktori Yoqubjon Jalilov.—Davlatimiz rahbarining 2021 yil 11 martdagi " Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi  qarori esa  yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Sirdaryoda ham yilqichilikni rivojlantirish, ot sportining beshkurash va polo sport turini   yanada jadal davom ettirishga huquqiy zamin yaratdi. Bugun o‘tkazilgan sport musobaqasi ham  ana shu sabab tashkil etildi.

[gallery-19615]

Prezidentimizning mazkur qarori sabab yoshlarni ot sportiga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, kelajakda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qila oladigan chavandoz va sportchilarni tayyorlash maqsadida Sirdaryo viloyati Chavandozlar maktabi uchun 2023 yilda umumiy qiymati 2 mlrd so‘m bo‘lgan inshoot,   sport otlarini musobaqalarga olib borish uchun   “Isuzu” rusumli  maxsus jihozlangan avtomashina xarid qilinib, bugungi kunda undan foydalanib kelinmoqda .

Sirdaryoda   o‘tkazilgan "polo" musobaqasida Toshkent shahrining Chavandozlar maktabidan tashrif buyurgan chavandozlar o‘zlarning "Pantera", "Chempion", "Shamol", "Lazer" laqabli otlari bilan birinchilikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘ringa Toshkent viloyati Chavandozlar maktabi, uchinchi o‘ringa Sirdaryo viloyati Chavandozlar maktabi vakillari sazovor bo‘ldi.

Musobaqa yakunida g‘olib va ishtirokchilarga tashkilotchilarning faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan  sport otlari va sportchilarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida  Sirdaryo viloyati Chavandozlar maktabiga  berilgan 550 mln so‘mlik  “ISUZU” D.MAX rusumli pikap avtomobili va sport otlarini tashish uchun maxsus jihozlangan tirkama  esa kutilmagan tuhfa bo‘ldi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri