Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ot sportini rivojlantirish masalasi muhokama qilindi
17:13 / 2025-09-16

Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, respublikamizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi avlod chavandozlarini tayyorlash va tarbiyalash, milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini oshirish, aholining keng qatlamlari, yoshlar o‘rtasida ot sportini faol targ‘ib qilish va ommalashtirish belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash borasida Milliy gvardiya, O‘zbekiston Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi, Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbarlari hamda respublikamizning barcha hududlaridagi Chavandozlar maktablari direktorlari, sohaga oid mutasaddilar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda qaror ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.

Mamlakatimizda ot sporti turlarini ommalashtirish, mavjud infratuzilmani yanada yaxshilash, yosh avlodni ushbu sport turlariga keng jalb etish hamda xalqaro miqyosdagi musobaqalarda yuqori natijalarga erishga zarur shart-sharoitlar yaratish ishlari borasida fikrlar bildirildi.

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda ot sporti sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, ushbu yo‘nalishda islohotlar amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini o‘rganish orqali sport va xizmat otlarini ko‘paytirish, parvarishlashning zamonaviy usullarini joriy etish, otlarga sifatli veterinariya xizmatini ko‘rsatish ishlarini yaxshilashga ko‘maklashish, xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribalarini joriy etish borasida har bir yo‘nalish rahbarlariga aniq vazifalar yuklandi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA