Ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha yil davomida o‘tkazilgan mintaqalararo saralash bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan hamyurtimiz Bekzod Qurbonov kelgusi yili AQSHning Texas shtatida o‘tadigan jahon kubogining final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Aytish lozim, ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi B.Qurbonov joriy yil aprel oyida O‘zbekistonda o‘tgan saralash musobaqasida, undan keyin Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Estoniya, Rossiya, Germaniya kabi mamlakatlarda tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda umumiy hisobda 1250 ball yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi.

—Jahon kubogiga har bir qit’aga to‘plagan ochkolari hisobiga ko‘ra, 1 ta yo‘llanma taqdim etiladi. Yevroosiyo qit’asida eng ko‘p ochko jamg‘argan sportchi sifatida kelgusi yili AQSHda bo‘ladigan jahon kubogi yo‘llanmasini Xalqaro ot sporti federatsiyasi menga taqdim etganidan juda xursandman. Albatta, bu katta mas’uliyat. Yil davomida o‘tkazilgan 7 taga yaqin nufuzli saralash musobaqalarida to‘plagan ochkolarim natijasida bu yutuqqa erishdim. Ushbu muvaffaqiyat butun jamoamizning, qolaversa O‘zbekiston ot sporti federatsiyasining jonkuyar murabbiylari, mutaxassislari mehnati mahsuli, deb bilaman. Nasib qilsa, xalqimiz ishonchini oqlab, jahon kubogida munosib natijalarga erishishga butun vujudim bilan harakat qilamiz, — deydi Bekzod Qurbonov.

Eslatib o‘tamiz, ot sportining konkur yo‘nalishi bo‘yicha jahon kubogi final musobaqalari kelgusi yilning 8-12 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA