Birlashgan Millatlar Tashkiloti bayonot berishicha, Myanma harbiylari va uch qurolli etnik guruh o‘rtasidagi to‘qnashuv, Xitoyning o‘t ochishni to‘xtatishga qaratilgan vositachilik harakatiga qaramay, hanuz davom etmoqda.
Yaponiyaning “NHK World-Japan” nashri xabar berishicha, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan, ammo urushayotgan tomonlarning hech biri bu haqda rasman axborot bermayapti.
Myanma matbuotining juma kuni havo orqali hujum uyushtirilgani to‘g‘risidagi xabaridan ko‘rinib turibdiki, hali kelishmovchilikka barham berilmagan. BMT Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi e’lon qilgan hisobotda ham Shan shtatining ayrim joylarida jang davom etayotgani qayd etilgan.
– Shu yil oktyabrda qurolli guruhlar jangarilari sharqiy Shan shtatida harbiy xizmatchilarga qarshi kelishilgan tarzda hujum uyushtirgan, – deb yozgan yapon nashri. – Shundan so‘ng ular demokratiya tarafdori bo‘lgan kuchlar bilan birga hujumni kuchaytirgan.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oxiridan beri mamlakat bo‘ylab kamida 378 nafar oddiy aholi vakili halok bo‘lgan, 660 mingdan ko‘p odam uyini tark etgan. Tuzilma 2021 yil harbiylar hokimiyatni qo‘lga olgandan buyon mamlakatdan ko‘chganlar soni 2,6 milliondan oshganini ma’lum qildi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA