Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osuda, farovon kelajagimiz egalari kengashdi
11:21 / 2021-12-17

Termiz shahrida Surxondaryo viloyatidagi «Kelajak liderlari» klubi a’zolarining forumi bo‘lib o‘tdi.

Klub a’zolari va faol yoshlar ishtirok etgan anjumanda viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari I.Saparov, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat hududiy filiali rahbari o‘rinbosari Sh.Misirov, Yoshlar ishlari agentligi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i J.Choriyev forum ishtirokchilarini mazkur tadbir bilan qutlab, Vatanimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosatining mazmun-mohiyati, yangi avlod kadrlarini tayyorlashda faol yoshlar hamda «Kelajak liderlari» klubi a’zolarining o‘rni haqida atroflicha fikr yuritdi. Yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari, vohada olib borilayotgan islohotlar va Yangi O‘zbekistonni barpo etishdagi istiqbolli rejalarga e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda davlat va jamiyat boshqaruviga yosh kadrlarni yanada kengroq jalb etib, ularni mas’ul rahbarlik lavozimlariga tarbiyalab borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar natijadorligini oshirish uchun Surxondaryo viloyatida ham tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Ayni paytda viloyatdagi  davlat organlari va tashkilotlari fuqarolik xizmatchilarining 1 ming 164 nafari yoki 22 foizini yoshlar tashkil etmoqda.

Joriy yilda viloyatda davlat va jamiyat boshqaruviga yangi avlod kadrlarini shakllantirish, yoshlar ayniqsa, yosh xotin-qizlarni davlat xizmatiga keng jalb etish, yosh istiqbolli kadrlardan rahbarlik lavozimlariga zaxira shakllantirish hamda davlat xizmatining jozibadorligini ta’minlash muhim vazifalardan biri sifatida belgilab olindi. Shunga muvofiq, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat hududiy filiali qoshida 21 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlar, davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yosh fuqarolik xizmatchilari uchun 50 nafar yigit-qizdan iborat «Kelajak liderlari» klubi tashkil etildi. Klub a’zolarining 35 nafari yosh davlat fuqarolik xizmatchilari, 15 nafari oliy ta’lim muassasalari talabalaridir. 11 nafarini faol xotin-qizlar tashkil etadi.

Vohada «Kelajak liderlari» klubi tashkil etilganidan buyon a’zolarning bir nafari hokim yordamchisi, besh nafari yoshlar yetakchisi lavozimida ish boshladi.

Forumda «Kelajak liderlari» maxsus malaka oshirish dasturi bitiruvchilari Nurislom To‘raqulov va Shahnoza Turobova mazkur dasturning bo‘lajak yosh rahbarlarni shakllantirishdagi o‘rni haqida fikr almashdi. Hududdagi eng dolzarb muammolar tahlili va yechimiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Viloyat «Kelajak liderlari» klubining 90 kunlik faoliyati aks etgan videorolik namoyish etildi. 
Respublika «Kelajak liderlari» forumiga vakillar saralandi. Bir guruh faol a’zolar rag‘batlantirildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA