French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ostonada yuz bergan yongʻin oqibatida besh nafar opa-singil halok boʻldi
11:07 / 2019-02-12

Qozogʻiston IIV Favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi Ostonadagi Koktal-1 mavzesida yuz bergan yongʻinning aniq sabablarini eʼlon qildi, deya xabar qildi “Astana“ telekanali.


Qozogʻiston IIV Favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi Ostonadagi Koktal-1 mavzesida yuz bergan yongʻinning aniq sabablarini eʼlon qildi, deya xabar qildi “Astana“ telekanali.

“Yongʻinga tutun chiquvchi moʻrining ajratuvchi qismida yongʻin xavfsizlik qoidalarining buzilishi sabab boʻlgan. Yaʼni tomdan tutun chiqib ketadigan joy boʻlmagan. Bu pechka ishlatilganida yongʻinga olib kelgan. Boshpana yongan va qulab tushgan“, dedi viloyat fuqaro muhofazasi ustidan nazorat va falokatlar xatarini kamaytirish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jasulan Aktayev telekanalga bergan intervyusida.

Uning taʼkidlashicha, koʻpincha turar joy binolarining egalari FV xodimlarini uyga kiritmaydi, shunday holatlar ham boʻladiki, suhbat eshik ortida boʻlib oʻtadi. Turar joylar binolari fuqaro muhofazasi idoralari tomonidan nazorat qilinmaydi. Turar joy binolarida yongʻinlar sonini qisqartirishning birdan bir chorasi – bu uyma-uy yurib profilaktika tadbirlarini oʻtkazishdir.

Juma kundan boshlab Ostonadagi koʻp bolali oilalarning uylariga is gazidan saqlanuvchi jihozlar oʻrnatila boshlandi. Qozogʻistonning boshqa mintaqalarida ham turar joy mavzelari boʻylab reydlar uyushtirilmoqda.

Aktayevning soʻzlariga qaraganda, har yili mamlakatda 15 mingga yaqin yongʻin qayd qilinadi, ularning 70 foizi turar joy sektori hissasiga toʻgʻri keladi. Soʻnggi yillarda yongʻinlar oqibatida halok boʻlayotganlar soni 20 foizga oshdi. 2019 yilning bir oyi mobaynida 116 kishi halok boʻldi.

4 fevral kuni Ostonadagi Koktal-1 mavzesidagi xususiy turar joy boshpanasida yuz bergan yongʻin oqibatida besh nafar opa-singil halok boʻldi, ularning eng kattasi 12 yoshda, eng kichigi esa bir yoshga ham toʻlmagan edi. Mahalliy rasmiylarning maʼlum qilishicha, yongʻin boshlangan vaqtda qizlarning ota-onalari ishda boʻlgan.

6 fevral kuni rasmiylar “mamlakat fuqarolari daromadlari va turmush darajasini oshirish, jumladan koʻp bolali oilalarni qoʻllab-quvvatlash” maqsadida hukumat qoshida ishchi guruh tashkil etilganini maʼlum qildi. Sanoat va taraqqiyot infratuzilmalar vaziri Jenis Qasimbekning bayonotiga qaraganda, oʻz idorasi “koʻp bolali oilalarga uy qurishni moliyalashtirish yoʻllarini qidirmoqda”.

Kuni kecha Ostonadagi Oyil koʻchasida joylashgan ikki qavatli yotoqxonada yongʻin yuz berdi. Bir oilaning 2006, 2009, 2012 va 2013 yillarda tugʻilgan toʻrt farzandi is gazidan zaharlandi, deya xabar berdi Qozogʻiston IIVning Favqulodda vaziyatlar qoʻmitasi.

Yotoqxonadagi xonalardan birida uy jihozlari va mebel yonib ketdi. Oʻt oʻchiruvchilar tomonidan 10 kishi binodan evakuatsiya qilindi va bir bolakay qutqarib qolindi.

“Is gazidan zaharlangan bir oilaning toʻrt farzandi shifoxonaga yotqizildi. Yongʻinni oʻchirishga Ostona favqulodda vaziyatlar departamentining 15 kishidan iborat shaxsiy tarkibi va 4 ta oʻt oʻchirish texnikasi jalb qilindi”, deya xabar berdi FVQ.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yongʻinga elektr simidagi qisqa tutashuv sabab boʻlgan boʻlishi mumkin.