French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ostonada Markaziy Osiyo media-forumi ish boshladi
16:43 / 2025-04-16

Qozog‘istonning Ostona shahrida “Markaziy Osiyo global chaqiriqlar davrida: OAV strategik rivojlanish vositasi sifatida” mavzusidagi Media-forum boshlandi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

Mazkur formatda ikkinchi bor o‘tkazilayotgan anjuman mintaqa davlatlari axborot vazirlari ishchi uchrashuvi bilan ochildi. Mezbon davlat madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva forum hamkorlikka umumiy yondashuv ishlab chiqish uchun o‘ziga xos maydon ekanini ta’kidladi.

– Axborot sohasidagi sheriklikni faollashtirish zarurati mintaqa davlatlari rahbarlari darajasida bir necha bor muhokama qilingan, – dedi u. – Ayni payt Markaziy Osiyo doirasida qo‘shma telekanal va mintaqaviy media platforma ishga tushirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Ishtirokchilar gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, birgalikda media-loyihalar amalga oshirilayotgani, madaniyat kunlari o‘tkazilayotgani, teleko‘rsatuvlar ko‘lami kengayib borayotgani, ijodiy industriya rivojlanayotgani, noxolis axborot tarqatishga qarshi kurash izchil tus olganini ta’kidladilar.

Forumda O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Buyuk Britaniya, Xitoy, Qatar, Rossiya kabi mamlakatlardan siyosatchi va jurnalistlar, media korxonalar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va nufuzli ekspertlar – jami 700 dan ziyod mutaxassis qatnashmoqda.

Anjumanda hamkorlikni mustahkamlash, raqamli transformatsiyaning mintaqaviy axborot makoniga ta’sirini o‘rganish, shuningdek iqlim o‘zgarishi va geosiyosiy beqarorlik kabi global muammolarni tahlil qilish ko‘zda tutilgan.

M.Pirmatova, O‘zA