Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ayollar va oila-demografik siyosat masalalari bo‘yicha Milliy komissiya a’zolari bilan uchrashdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Xususan, keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 40 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi. Shundan 10 dan ortig‘i xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan.
Ayollarning biznes sohasidagi faoliyatini rag‘batlantirish, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish maqsadida Xalq banki tizimida kompleks yordam ko‘rsatish mexanizmi joriy etildi.
Bu tizim orqali ayol tadbirkorlarning faoliyatini boshlang‘ich bosqichidan to mustaqil biznesni yuritishgacha bo‘lgan jarayonda qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Muloqot asnosida ayollar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi tadbir ishtirokchilari tomonidan e’tirof etildi.
Uchrashuvda ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, gender tenglik, oila va jamiyatda ayollarning rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha fikr almashildi.
N.Abduraimova,
O‘zA