Mamlakatimiz bo‘ylab “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Mustaqillikning 34 yilligi keng nishonlanmoqda.
Bayram munosabati bilan Ichki ishlar vazirligida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik jamoasi, faxriylar hamda vazirlik jamoatchilik kengashi a’zolari ishtirok etdi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latov Davlatimiz rahbari boshchiligida yurtimiz osoyishtaligi, mahallalarimizning farovonligi, xalqimiz xotirjamligi hamda har bir fuqaroning manfaatlarini munosib himoya qilishda shu yurt qalqoniman deya xizmat qilayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining munosib hissasi borligini ta’kidladi.

Ayniqsa, mustaqillikni mustahkamlash, jinoyatchilikka barham berish yo‘lida jon fido etgan xodimlarning, o‘z umrini soha rivojiga baxshida etgan faxriylarning bu borada xizmatlari katta ekanligi e’tirof etildi.
Tadbir davomida jamoat tartibini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, yurt tinchligini muhofaza qilishda jasorat va fidoyilik ko‘rsatganib mehnat qilgan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i G‘ayrat Qodirovga I darajali “Shon-sharaf” ordeni, Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Abduvohid Ismoilovga hamda Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunovga “Mardlik” ordeni Prezident tomonidan tantanali ravishda topshirilgani alohida e’tirof etildi.

Marosimda Davlat rahbarining farmoniga asosan yuksak mukofotlarga sazovor bo‘lgan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi inspektori Oksana Gordiyenkoga “Do‘stlik” ordeni, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi tezkor vakili Sobitjon Yoqubovga “Jasorat” medali, Buxoro viloyati Jondor tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Abduhalil Nosirovga “Sodiq xizmatlari uchun” medali hamda Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi Chinoz tumani katta tergovchisi O‘tkir Narjigitovga “Shuhrat” medali tantanali tarzda topshirildi.
“Jasorat” medaliga sazovor bo‘lgan Farg‘ona viloyati patrul-post xizmati inspektori Mohigul Siddikovaga, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohiblari – Samarqand viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektori Asomiddin Ziyatov, Qashqadaryo viloyati ekspert-kriminalistika markazi bosh eksperti Sherali Muhammadiyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Ajibay Sabirovga hamda “Shuhrat” medali sohibi Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani ichki ishlar bo‘limi katta inspektori Muzaffar Xaydarovga mukofotlari joylarda hukumat a’zolari tomonidan topshirilishi belgilandi.
Tadbirda xizmat faoliyati bilan alohida namuna ko‘rsatayotgan bir qator xodimlar Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan idoraviy ko‘krak nishonlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
N.Abduraimova, O‘zA