Ayrim kasb egalari borki, bayram kunlari ham ular uchun oddiy ish kunidan farq qilmaydi. Barcha oilasi davrasida bayram zavqini his etayotgan bir paytda ular xizmatning eng mas’uliyatli nuqtalarida turib, xalq osoyishtaligini ta’minlaydi. Ichki ishlar organlari xodimlari ana shunday fidoyi kasb sohiblaridandir.
Yangi yil bayrami munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar organlarining tungi xizmatga jalb etilgan xodimlariga Ichki ishlar vazirligi hamda viloyat IIB rahbariyati tomonidan maxsus yo‘riqnomalar berildi. Unda belgilangan vazifalarni so‘zsiz va mas’uliyat bilan bajarish har bir xodimning kasbiy burchi ekani alohida ta’kidlandi.

Yo‘riqnomada jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni aniqlash, jamoat tartibini saqlash va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga oid muhim topshiriqlar belgilab berildi. Shuningdek, is gazidan zaharlanish hamda yong‘in bilan bog‘liq hodisalarning oldini olish maqsadida aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ayni kunlarda Jizzax shahridagi “Yoshlar shaharchasi”, “Ko‘k saroy” savdo majmuasi, “O‘rda” ekologik bog‘i, shuningdek, barcha tuman markazlarida o‘rnatilgan Yangi yil archalari atrofi, markaziy ko‘chalar hamda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida jamoat xavfsizligi to‘liq ta’minlanmoqda.


Asosiy maqsad — bayram kunlarini turli ko‘ngilsiz hodisalarsiz, tinch va osuda o‘tkazish, yurtdoshlarimizning Yangi yilni xotirjam va ko‘tarinki kayfiyatda kutib olishlariga munosib sharoit yaratishdir.
A. Qayumov, O‘zA muxbiri