French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osoyishta sarhad – barchamizniki!
17:52 / 2025-06-18

San’at inson qalbini yuksaklarga chorlaydi. Ayniqsa, kuy va so‘z uyg‘unligi mislsiz ma’naviy qudrat ifodasidir. Ana shunday qudrat sohiblari sifatida xalqimiz va sarhadlarimiz himoyachilari yuragini mardonavor kuy-qo‘shiqlari, unutilmas raqslari bilan zabt etgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs ansambli tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi.

Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi “Turkiston” san’at saroyida konsert dasturi tashkil etildi. “Osoyishta sarhad – barchamizniki!” deb nomlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, DXX Chegara qo‘shinlari rahbariyati, ansamblning faxriy ijodkorlari hamda hozirgi kunda faoliyat olib borayotgan taniqli san’atkorlar, shuningdek Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy ansambllar ishtirok etdi.

Tadbirda 2000 yilda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur badiiy jamoaning tashkil etilishi tarixi va uning 25 yillik faoliyati aks ettirilgan videofilm namoyish etildi. So‘zga chiqqanlar ansambl o‘z faoliyati davomida butun mamlakatimiz bo‘ylab eng olis nuqtalarda Davlat chegaralari daxlsizligini ta’minlab kelayotgan olovqalb o‘g‘lonlarga jangovar ruh bag‘ishlash, ularning shijoatini yanada oshirish, oila a’zolarining ma’naviy olamini boyitish maqsadida konsert dasturlari namoyish etgani, bu ansamblni nafaqat badiiy jamoa, balki, yurt himoyachilari uchun ruhiy quvvat manbai sifatida shakllanishiga xizmat qilganini ta’kidladi. Shu bilan birga ansambl xonandalari nafaqat yurtimiz, balki xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlov va festivallarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgani ham e’tirof etildi.

[gallery-23949]

Tadbir davomida bir guruh san’at va madaniyat fidoyilari DXX Chegara qo‘shinlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan munosib rag‘batlantirildi. 

Shundan so‘ng taniqli san’at namoyandalari, yosh ijodkorlar, so‘z ustalari, bolalar ijodiy guruhlari hamda mahoratli raqs jamoalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy ansambllarning vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlari ham yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.

– Konsert dasturimizni “Osoyishta sarhad barchamizniki” deya nomlaganimiz bejiz emas, – deydi katta leytenant O‘rinov. – Vatan chegaradan boshlanadi. Davlat chegarasi bu – mustaqillik, xotirjamlik va tinchlik timsoli. Shu boisdan uning osoyishtaligi barchamiz uchun birdek muhim va qadrli. Biz hozirda ansamblimiz jamoasi bilan ustozlarimizning yaxshi an’analarini davom ettirgan holda, ijodiy imkoniyatlarimizni yanada kengaytirishga harakat qilyapmiz. Qolaversa, bugungi kunda hurmatli xizmat raisimizning tashabbuslari bilan katta islohotlar amalga oshirilib, Chegara qo‘shinlari Ashula va raqs Ansambli tamomila yangi qiyofa kasb etayotgani ham alohida e’tirofga sazovor. Albatta, bizga yaratilayotgan bunday imkoniyat va shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda sarhadlarimiz posbonlari, ularning oila a’zolari va xalqimizga xush kayfiyat ulashishda davom etamiz. 

Darhaqiqat, bu ansambl yurt himoyachilarining yuragidan jo‘shib chiqqan sado. Uning kuy-qo‘shiqlari millatimiz g‘ururi, raqslari esa jasorat madhiyasidir. Ushbu jo‘shqin sadolar Ona Vatanimiz va uning sarhadlari uzra abadiy jaranglab tursin.

Mayor Farida Bobojonova

DXX Chegara qo‘shinlari