Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osoyishta hayotimiz posbonlari sharaflanmoqda
16:14 / 2021-01-14

Surxondaryo viloyatida ham O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni keng nishonlanmoqda.

Bayram munosabati bilan erta tongdan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari, nuroniylar va yoshlar Termiz shahridagi Motamsora ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi.  

Termiz shahri ko‘chalarida zamonaviy harbiy texnikalar paradi tashkil etildi.

Termiz shahridagi San’at saroyida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigini Surxondaryo viloyat hokimi To‘ra Bobolov o‘qib eshittirdi.

So‘nggi yillarda qurolli kuchlarimiz tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar tinch, obod hayotimizni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan davlatimizning harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha qat’iy pozitsiyasini ifoda etadigan Mudofaa doktrinasi ishlab chiqilgani bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘layotir. Bu jarayonda joylarda harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etilgani mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritib, armiya va xalq birligini ta’minlash va hududiy mudofaa masalalarini yechishda hal qiluvchi organ vazifasini o‘tamoqda.

 

Ayni paytda mamlakatimiz janubidagi Surxondaryo viloyatida ham harbiy-ma’muriy sektor yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, qo‘shinlarning kundalik faoliyatini samarali tashkil etish, harbiy xizmatchilar va ular oilasining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda harbiy shaharchalar, poligonlar infratuzilmasini rivojlantirishda harbiy tuzilmalar komandirlariga yaqindan ko‘maklashmoqda. Jumladan, yakunlangan yilda vohadagi harbiy qismlarni qurilish-ta’mirlash, jihozlash, shuningdek, boshqa xarajatlari uchun viloyat mahalliy byudjetidan 43 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilib, Termiz dala o‘quv maydoni infratuzilmasi tubdan o‘zgartirildi. Jahon andozalariga javob beradigan poligonga aylantirildi.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari tasarrufidagi qo‘riqlov posti, Kakaydi aholi punktidagi harbiy shaharcha va boshqa ko‘plab harbiy qismlarda yotoqxona, oshxona, madaniyat markazi va o‘quv binolari yangidan qurilib, mavjudlari rekonstruksiya qilindi. Zamonaviy muhandislik va maxsus texnika vositalari olib berildi.

O‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Milliy gvardiyaning viloyatdagi harbiy xizmatchilari Davlat xavfsizligi xizmati, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimi xodimlariga 332 xonadondan iborat 13 ta ko‘p qavatli turar joy hamda 62 ta hovli uy-joy qurib berildi. Shu kunlarda Muzrabot tumanidagi mahallalarda chegarachilar uchun 70 ta hovli uy-joy qurilishi davom etmoqda.

Prezidentimiz 2019 yilning 17-18 oktyabr kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida Denov tumanidagi harbiy qismda Vatanimiz himoyachilari bilan uchrashib, ularning ma’naviyatini, jangovar shayligini oshirish hamda hududga xos milliy qadriyatlar bilan yaqindan tanishtirib borish yuzasidan tegishli topshiriqlar bergan edi.  

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida ikki yildirki, viloyatdagi barcha kuch tuzilmalari harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida viloyat hokimi sovrini uchun “Amir Temur o‘g‘lonlari” va “Jaloliddin Manguberdi vorislari” nomidagi tanlov o‘tkazilib, ishtirokchilar munosib rag‘batlantirilayotgani ham vohada sohaga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.

Tantanali tadbirda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan harbiy xizmatchilarga orden va medallar topshirildi. Bir guruh harbiy xizmatchilar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Viloyatdagi mahalla, ta’lim va boshqa muassasalarda, harbiy qismlar va harbiy shaharchalarda bayram tadbirlari yuksak saviyada davom etmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA