Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osmoni musaffo, odamlari baxtiyor yurtning jasoratli o‘g‘lonlari
14:19 / 2025-06-03

Millat fidoyilari

Yoz. Otaxon bir piyola issiq choyni xo‘plagancha salqin uyda televizor ko‘rib o‘tiribdi. Uning yonida nabirasining koptok o‘ynab yirtilgan cho‘ntagini tikayotgan kampiri gap beryapti.

Hovli etagidagi bolajonlarning qiy-chuv qilib o‘ynashi ularning suhbatiga xalal beradi. Shu payt darvozaxonada ikki qo‘lida ham og‘ir bozorsumka ko‘targan o‘g‘il ko‘rindi. Ayoli uni qarshi oldi. Endi etakdagi shovqin chol-kampir o‘tirgan mehmonxonaning derazasi oldiga ko‘chdi. Bozorlik bolalar qo‘liga o‘tdi. Hovlida bayram boshlandi.

– E, hamma bozorda, ota, – deydi o‘g‘il bo‘yniga o‘tirib olgan kenjasini pastga olar ekan. – Pishiqchilik, rastalar to‘la meva-cheva. Tekinday gap. Kim oluvchi, kim sotuvchi bilib bo‘lmaydi. Yo‘l ham tirband ekan, mashinayam ko‘payib ketdi-da. Ona, bu siz tayinlagan qurut – Farg‘onaniki...

Bu manzarani shunchaki ko‘z oldingizda gavdalantirdik. U oddiy bir o‘zbekning xonadoni, oddiygina yashash tarzi. Lekin hech o‘ylab ko‘rganmisiz bu oddiylikning, bu baxtiyorlikning ortida qanday mashaqqatlar bor? Qanday birdamlik, qanday qahramonliklar bor?!

Hozir xayolda hech gapirishni, hech o‘ylashni istamagan savollar aylanmoqda. Shu tinch yurtning bozorida yoki oddiy xonadonida nimadir portlasa qay ahvolga tushamiz? Bir behush bilganini qilib, mahallaning tinchini buzishga urinsa chiday olamizmi? O‘shanday paytda ko‘ngilda xotirjamlik qoladimi, nimani qayerga yeganingizni bilasizmi? Hovli etagida bolalar qiyqirib o‘ynay oladimi o‘shanday nohushlik bo‘lsa?

Aslida, kutilmaganda bu savollarni berishga hech bir sabab yo‘q. Hozir biz shunday joyda turibmizki, odam shunaqa o‘zi bilan o‘zi gaplashadigan bo‘lib qolar ekan. Xayollarga ixtiyorini topshirib qo‘yar ekan bu yerda.

Poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘i mana shunday o‘ziga xos joy. Yaqinda bu bog‘da davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida “Millat fidoyilari” xiyoboni ham tashkil etildi. 

Bu maskan mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga bag‘ishlangan. Majmua yuqoridan qaraganda davlatimiz bayrog‘idagi yarim oy va o‘n ikki yulduz shaklida namoyon bo‘ladi. Yulduzlarning qirralari bitiktosh vazifasini ham o‘taydi. Ularning yon taraflariga bir yuz to‘qson olti nafar qahramon nomi zarhal harflar bitilgan.

Bu qahramonlar orasida starshina Vahobjon Nuriddinov ham bor.

U 1968 yil Toshkent viloyatining Parkent tumanida tug‘ilgan. Hayotini mamlakatimizda tinchlikni saqlash, jamoat xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishladi. Ichki ishlar organlari tizimida xizmat faoliyatini militsioner-kinolog sifatida boshlagan. 

2004 yilning 30 marti. Vahobjon Nuriddinov o‘sha paytda Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining safarbarlik guruhi inspektori lavozimida faoliyat olib borar edi. 

– Qibray tumani “Qoramurt” postida xizmat vazifasini bajarayotgandik, – deydi uning o‘sha paytdagi xizmatdosh do‘sti Sirojiddin Nazirxonov. – Esimda, navbatchilik almashadigan payt edi. Men topshiriq bo‘yicha yuk mashinalaridan birini tekshirayotgandim. Vahobjon aka “Tiko” avtomashinasini to‘xtatdi. U juda e’tiborli, sinchikov edi. Menga u odamlarning ko‘ziga qarab, niyatini bilib oladiganday tuyulardi. Menimcha, o‘sha mash’um kunda ham shunday bo‘ldi. Oddiy tekshiruv o‘sha yengil mashinada o‘tirgan kimsaning qabih niyatini ochdi. Hammasi tez bo‘ldi, dushman o‘zini portlatib yubordi. Uch kishi halok bo‘ldi. Ular orasida Vahobjon aka ham bor edi...

Elning tinchlik uchun jonlarini ayamaydigan mana shunday o‘g‘lonlari bor. Ular sabab odatdagi baxtiyor kunlarimiz tinchlikda o‘taveradi. Shu qahramonlik, shu sinchikovlik bo‘lmaganida dushman nimalar qilishi mumkinligini tasavvur qilishning o‘zi qiyin.

Vahobjon Nuriddinovdan ikki farzand – bir o‘g‘il, bir qiz qoldi. Uning turmush o‘rtog‘i Dilrabo opa farzandlariga bor mehrini berib tarbiya qildi. Ular bugun ulg‘aydi, elga qo‘shildi.

– O‘g‘limga qarasam otasini ko‘rganday bo‘laman deydi, – ona ko‘zyoshlarini artar ekan. – O‘shanda Abrorjon to‘qqiz yoshda edi. Bugun u otasining kasbini tanlaganidan, shu yo‘ldan borayotganidan faxrlanaman. Ilohim, umri uzoq bo‘lsin. Yurtga xizmat qilib tolmasin. 

Vahobjon Nuriddinov Vatan tinchligi yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligi uchun “Jasorat” medali bilan mukofotlangan. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, uning nomi “Millat fidoyilari” xiyobonida zarhal harflar bilan bitilgan. 

Aslida, bunday mard o‘g‘lonlarning nomi va ular ko‘rsatgan jasorat xalqning yuragidan abadiy joy oladi.

Dilshod HAKIMOV,

O‘zbekiston Milliy universitetining 

Jurnalistika va o‘zbek filologiyasi fakulteti talabasi.

O‘zA