“Baxt xati” sizga ham kelganmi? Yoki ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishingiz davomida bir dumalab, merosxoʻr boʻlib qolganmisiz? Bugun siz bilan ana shu haqda, osmondan tushadigan boylik haqida gaplashamiz! Hali internet degan tushuncha paydo boʻlmagan davrlarda baʼzi odamlar ixtiyoriy manzillarga oʻz manzillarini koʻrsatmagan holda, pochta idoralari orqali xatlar yoʻllashgan.
Xatlarda uni oʻqiyotgan odamning merosxoʻr ekanligi, unga juda katta miqdorda boylik qoldirilgani haqidagi loflar bitiladi, bundan maktub yoʻllovchilar moddiy manfaatdor boʻlishadi.
Mutaxassislarga koʻra, bu usul ilk marotaba Nigeriya davlatida paydo boʻlgan. Shu bois bunday uslubda yoʻllangan maktublar “Nigeriya xati” yoki “Baxt xati” deyiladi. Keyinchalik, internet paydo boʻladi va onlayn firibgarlar yanada kengroq auditoriyani jalb eta boshlashadi. Yaʼni ular elektron pochta tizimi ommalasha boshlagach, aynan ushbu yangicha usul orqali fuqarolarni chuv tushira boshlashadi. Bu usul haligacha saqlanib qolgan.
Yaʼni bir vaqtning oʻzida bir qancha elektron pochta manzillariga bir xil mazmundagi, “Siz merosxoʻrsiz”, “Siz boysiz!” sarlavha va mazmundagi «spam» maktublarini yoʻllashadi. Ularga javob qaytargan odamlar bilan jiddiy onlayn muloqotga kirishishadi va goʻyoki oʻzlarini marhumning yuristi sifatida tanishtirib, unga katta meros qolganligi, merosni tezroq topshirmoqchi ekanligi haqida ertak soʻzlashadi.
Eslab koʻring, sizning elektron pochtangizga ham bunday xatlar kelgan boʻlishi kerak va siz yo bu xatni eʼtiborsiz qoldirgansiz yo kamida maktub egasini shunchaki bloklagansiz.
Xullas, bunday xatlarga laqqa tushgan, “Bu oʻzi menga kerakmi” yoki Rossiya, Nigeriya, Kaliforniya kabi davlatda meni qarindoshim adashib borib qolganmi», qanchalik bu maktub haqiqatga yaqin boʻlishi mumkin deya mantiqan oʻylab koʻrmagan sodda inson “soxta qarindoshining soxta yuristi” vaʼda qilayotgan katta miqdordagi merosni qoʻlga kiritish haqida oʻylaydi. Hayolida esa besh yulduzlik mehmonxona, “villa”, kamida «Renj rover»da sayr qilayotgani, Antaliya dengiz boʻylarida miriqib dam olayotgani...
Xullas osmondan tushayotgan “boylik”ni tezroq qoʻlga kiritish ilinjida boʻlgan fuqaro onlayn firibgarlarning tuzogʻiga shu tariqa ilinib qoladi. Tuzoq egalari esa “merosxoʻr”ga tegishli maʼlumotlarni rasmiylashtiruv ishlariga kerakligini aytib, har gal turli summadagi mablagʻlarni qoʻlga kiritib boradi.
Yana bir usul, soxta harbiy xizmatchi boʻlib, siz bilan «instagram» yoki «feysbuk» ijtimoiy tarmogʻi orqali muloqotga kirishadi, shunchaki samimiy doʻstlashadi. Har kuni maktub yozadi, dardingizni tinglaydi, turli mavzularda fikr almashadi. Xullas ishonchingizga kirish mumkin boʻlgan har qanday yoʻlni tutadi. Siz u bilan samimiy suhbatlasha boshlaganingiz va tuzogʻiga ilinishga tayyor ekanligingizni sezgach, soxta “ofitser” oʻz maqsadini amalga oshirishga kirishadi. Yaʼni u turli viloyatlarda harbiy xizmatlarda boʻlgani, xizmat jarayonida oz-ozdan boylik toʻplagani, ushbu boylikni sizga qoldirmoqchiligi, harbiy xizmat muddati tugasa, siz bilan birgalikda tijorat ishlarini boshlashi mumkinligini taklif qila boshlaydi.
“Siz merosxoʻrsiz”, “Baxt xati” va h.k. istalgan nomlar bilan sizga aloqaga chiqqan firibgarlar sizga bevosita ruhiy tazyiq bilan hujum qilmaydi, qoʻrqitmaydi, shunchaki, oʻzini sizni oldindan taniydigandek koʻrsatib, ismingiz bilan murojaat qiladi, yogʻligina takliflarni bildira boshlaydi. Ularga bevosita javob qaytarib, muloqotga kirishgan sodda fuqarolar bilangina alohida ishlay boshlashadi.
Shu tariqa fuqaro toki, oʻzining aldanayotganligini bilib qolmagunicha, internet tarmogʻidagi yaltiroq takliflarga ishonib, oʻtirgan joyidan bor budini (internet orqali) firibgarlarga uzataveradi. Yana bir asosiy jihat shuki, agar siz “soxta yurist” va shu kabi firibgarlarga pul yuborishni toʻxtatsangiz va ancha-muncha pul sarflab qoʻyganingiz, boshqa mablagʻingiz qolmagani haqida aytsangiz, ular aksincha, oʻzingizni aybdor qilish yoʻliga oʻtishadi, yana siz avvalroq yuborgan 15.000 dollar yoki 100.000 yevro pulingiz kuyib ketishi mumkinligini aytishadi.
Va, siz yana chorasiz qolasiz!
IIVning Kiberxavfsizlik markazi boshligʻi Behzod Mamadjonovga koʻra, bugungi kunda shu kabi aldovlarga uchib, oʻzining yaxshi maqsadlari uchun saqlab qoʻygan mablagʻlari yoki boyligidan ayrilib qolayotganlar Oʻzbekiston fuqarolari orasida ham bor. Qizigʻi, firibgarlar sodda fuqarolar bilan muloqotga kirishgan zahotiyoq, ular bilan bogʻliq maʼlumotlarni aniqlab yoki yigʻib ololmaydi, shunchaki, bevosita fuqarolarning oʻzi muloqot davomida soddalik qilishadi va oxir-oqibat katta miqdordagi summalarni firibgarlarga boy berib, chorasiz qolishadi. Achinarlisi, bu toifa firibgarlarni qoʻlga olish va jazolashning imkoni yoʻq, sababi, ular olis xorijiy davlatlaridan turib, ana shunday qora ishlarni amalga oshirishadi.
Shu bois nima qilish kerak? Tekingina boylikni vaʼda qilayotganlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali bloklash, ular bilan muloqotga kirishmaslik, vaziyat taqozo etsa, oʻz vaqtida IIV ning ishonch raqamlariga qoʻngʻiroq qilish orqali holatni bayon qilish kifoya!
Agar yuqorida biz soʻzlab bergan holatlar sizga tanish boʻlsa, hoziroq oʻzingizni merosxoʻr deb tasavvur qilishni toʻxtating!
Yodingizda boʻlsin! “Tekin pishloq qopqonda boʻladi!” Shuni unutmang!
<iframe width=“““640””” height=“““420””” src="https://www.youtube.com/embed/vPTqQKj2HgQ“ title=”““OSMONDAN”“ TUSHGAN=”“ “BOYLIK”=”“ YOXUD=”“ “BAXT=”“ XATI”=”“ SIZGA=”“ HAM=”“ KeLGANMI?»=”“ frameborder=”““0””“ allow=”accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture“ allowfullscreen=”"></iframe>Mohichehra Eshmirzayeva, Doniyor Yakubov OʻzA