English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osmondagi avariyalar, Gazdan uzilgan Yevropa va Isroilning tahdidi (+video)
20:34 / 2025-01-05

Qozog‘istonda 100 ga yaqin avtomobil to‘qnashdi

Ushbu hafta oxirida Qozog‘istonda yirik yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Kazinform “KazAvtoJol” milliy operatoriga tayanib xabar berishicha, 95 ta mashina to‘qnashuvi kuzatilgan.

– 2025 yil 3 yanvar kuni soat 07:20 da o‘ta noqulay ob-havo tufayli milliy avtomagistralning Ostona – Petropavlovsk qismida barcha turdagi avtotransport vositalari harakati cheklovi joriy etildi. Tushga yaqin kun ochilib, yo‘l tozalangach, ichki ishlar xodimlari va maxsus texnika hamrohligida Shuchinsk shahri tomon harakat yo‘lga qo‘yildi.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, haydovchilar belgilangan tezlik va oraliq xavfsiz masofa qoidasiga rioya qilmagan. Natijada magistralning 153 kilometri – Janatalap qishlog‘i yaqinida o‘nlab mashinalar bir-biriga urilgan. Voqea joyida politsiya xodimlari va “KazAvtoJol” mutaxassislari ish olib borgan.

Shuningdek, o‘tayotgan haftada Janubiy Koreyaning Muan shahrida yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Taxminlarga ko‘ra, fojia oqibatida uchoqdagi deyarli barcha yo‘lovchilar halok bo‘lgan, deb xabar bergan “Yonhap” axborot agentligi.  

“Jeju Air” samolyoti Bangkokdan Muan shahriga yo‘l olgan va qo‘nishi bilan uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, panjaraga borib urilgan. Oqibatda 179 kishi halok bo‘ldi, ikki kishigina tirik qoldi.  

Ushbu falokat yuz bergan kunda Kanadaning "PAL Airlines" kompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan samolyoti Galifaks-Stenfild aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan.

Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga qanoti bilan urilgach, o‘t olgan. Aeroport mazkur voqea tufayli vaqtincha yopilgan. Barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari uchoqdan tushirilgan va aerodromdan olib ketilgan. Yana bir "Boeing 737-800" samolyoti gidravlika tizimidagi nosozlik tufayli Norvegiyada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi.  

Uchoq Oslodan Amsterdamga yo‘l olgan, biroq kutilmaganda poytaxtdan 110 km janubda joylashgan Sanneford aeroportiga yo‘naltirilgan. Muvaffaqiyatli qo‘nganiga qaramay, samolyot yo‘lakdan chiqib ketgan va o‘tloq yuzasida to‘xtab qolgan. Salondagi 182 kishi va ekipaj a’zolari jabrlanmagan. Shu qatorda Birlashgan Arab Amirliklari hududida yengil motorli uchoq falokati oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.

– "Al-Jazeera" aviatsiya-sport klubiga tegishli yengil samolyot Ras-al-Xayma amirligi qirg‘og‘ida qulab tushdi. Natijada uchuvchi va uning hamrohi hayotdan ko‘z yumdi, – deyilgan axborotda.

“Gazprom” Ukraina orqali Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi

2025 yilning birinchi kunidan boshlab “Gazprom” tomonidan Rossiya gazini Ukraina orqali Yevropaga yetkazib berish imkoniyati texnik va huquqiy jihatdan cheklandi.

Bu haqda neft-gaz kompaniyasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoq orqali ma’lum qilgan. Natijada Rossiya xom ashyo sotishdan 5 milliard yevro, Ukraina esa tranzit to‘lovidan bir milliard yevroga yaqin daromadni yo‘qotadi.

– 2019 yil 30 dekabrda imzolangan “Gazprom” va Ukrainaning “NAK Naftogaz” kompaniyasi o‘rtasida Rossiya gazini Ukraina hududi orqali tashishni tashkil etish bo‘yicha kelishuv, Rossiya gaz uzatish tizimi operatorlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ukraina – "Gazprom" va Ukrainaning gaz-transport tizimi operatori MCHJ” hujjatlarining amal qilish muddati tugadi, – deya ta’kidlagan kompaniya.

Tranzit to‘xtashi sababi Ukraina tomonining kelishuvni uzaytirishdan bir necha bor bosh tortgani bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Avvalroq "Reuters" agentligi Rossiya energetika resurslarini almashtirish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarga qaramay, Yevropa gaz yetkazilishi qisqarishi oqibatini allaqachon his qilgani haqida xabar bergan edi. Xususan, ko‘hna qit’ada iqtisodiyot keskin pasayishi, inflyatsiya muntazam o‘sishi va narx oshishi inqirozi kuzatilyapti.

Ushbu voqeaga nisbatan Yevropa Komissiyasi vakili YeI mamlakatlari voqeaning bunday rivojiga tayyorligini bildirdi.

Ta’kidlanishicha, hozirgi infratuzilma Markaziy va Sharqiy Yevropaga muqobil yo‘llar orqali RFdan boshqa o‘lkalar gazini olib kelish uchun "yetarli darajada moslashuvchan".  

Ayni vaqt Avstriya Energetika vazirligi gaz ta’minoti kafolati hali saqlanganini ma’lum qildi, deb xabar beradi “RIA Novosti”. Bozor ishtirokchilari muqobil gaz manbalariga Germaniya yoki Italiyadan kirish yo‘llari orqali, shuningdek Avstriya omborlaridan tranzit bo‘yicha murojaat etdi.

Isroil va Falastindagi vaziyat

Isroil urush vaziri Israel Kats Falastinga keskin murojaat yo‘lladi. Shu yo‘l bilan sionist asirlarni ozod qilish va rejim nishonlariga qarata raketa otishni to‘xtatish talab etilib, aks holda G‘azodagi qolgan uylar ham to‘pga tutilishi, odamlar shafqasiz o‘ldirilishi bilan tahdid qilingan.

– G‘azo har qachongidan-da kuchliroq, misli ko‘rilmagan bombardimonga duch keladi, – dedi amaldor.

Yoav Galant ishdan bo‘shatilishi ortidan ushbu lavozimga saylangan Kats mamlakat siyosatini izchil davom ettirmoqda. Ayni payt Prezident Isxak Gersog alohida bayonotida asirlarni zudlik bilan qaytarish zarurligini ta’kidlab, G‘azodagi harbiy amaliyot muvaffaqiyatsizligidan xavotir bildirdi.

15 oydan buyon davom etayotgan urush tufayli G‘azo sektoridagi uyini tashlab ketishga majbur bo‘lganlar 2025 yilni yomg‘irdan ivigan chodirlarda, bolalari ayozdan muzlab jon bergani uchun ko‘zlarida yosh, chuqur qayg‘u bilan kutib oldi.

Blinken Osiyo bo‘ylab va Fransiyaga safar uyushtiradi

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken 4 yanvardan Janubiy Koreya, Yaponiya va Fransiyaga rejalashtirilgan safarini boshlaydi. AQSH Davlat departamenti bayonotida bu uning vakolati doirasidagi yakuniy rasmiy sayohati bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan.

Koreya Respublikasida Blinken Vashingtonning Seul bilan ittifoqqa sodiqligini, shuningdek Hind-Tinch okeani mintaqasidagi umumiy manfaat doirasida Tokio bilan uch tomonlama sa’y-harakatni davom ettirish imkoniyatini tasdiqlash maqsadida mamlakat rahbariyati bilan uchrashadi.

Yaponiyada ikki tomonlama, mintaqaviy va global kun tartibi, Fransiyada esa Yevropa va Yaqin Sharqdagi vaziyat muhokama etilishi kutilyapti. 20 yanvar kuni saylangan Prezident Donald Trampning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tadi. Tabiiyki, yangi rahbar yangi Davlat kotibini tayinlaydi.

Avvalroq ushbu lavozimga senator Marko Rubio nomzodi ilgari surilayotgani aytilgandi.

Germaniya va Fransiya TIV rahbarlari Suriyaga tashrif buyurdi   

3 yanvar kuni ertalab Annalena Berbok va Jan-Noyel Barro kutilmagan tashrif Damashqqa yetib keldi. Ular Asad rejimi qulagandan keyin Suriyaga tashrif buyurgan ilk Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlaridir.  

"Berbok va Barro Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati vakili Kaya Kallas nomidan Suriyaning yangi rahbarlari bilan muzokaralar olib boradi. Germaniya Suriyaga hokimiyatni inklyuziv, tinch yo‘l bilan topshirish, ijtimoiy yarashuvga erishish va mamlakatni qayta qurishda yordam berish niyatida. Bundan tashqari, Berbok Suriya fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashishni rejalashtirgan", deyiladi Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.  

"Asadning og‘riqli hukmronligi tugadi. Suriya tarixida yangi bob boshlandi, lekin u hali yozilmadi. Yevropa va Suriya o‘rtasida yangi siyosiy munosabatlar yo‘lga qo‘yilishi mumkin", — degan Germaniya TIV rahbari tashrifdan oldin.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/NFOfQQ9dgwQ?si=C9G0lvVFUhnmPTwr" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Shu bilan birga, Berbok Suriyada saylovlar o‘tkazishning uzoq muddatga ortga surilishi yoki adliya va ta’lim tizimlarining radikallashuvi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rnatish jarayoniga putur yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.  

"Suriyada hokimiyat tepasiga kelgan “Hay’at Tahrir ash-Shom”ning mafkuraviy jihatdan qayerdan kelib chiqqanini va uning o‘tmishda nimalar qilganini bilamiz. Ammo barcha shubhalarga qaramay, ushbu muhim tarixiy davrda Suriya xalqini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini qo‘ldan boy bermasligimiz kerak", — deya ta’kidladi Germaniya Tashqi ishlar vaziri.

Sardorbek Poyonov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.