French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osmon uchun jang: Kiyev yana qurollantirildi
12:04 / 2025-11-04

Ukraina Rossiyaning uzluksiz raketa va dron zarbalari asnosida Germaniyadan yana bir nechta "Patriot" havo mudofaasi tizimini qabul qildi. Prezident Vladimir Zelenskiy kechqurun bergan bayonotida aslaha allaqachon o‘rnatilayotgani va tez orada jangovar navbatchilikka kirishilishini ma’lum qildi.

Yetakchi GFR Kansleri Fridrix Mersga minnatdorlik bildirarkan, bunday texnika mamlakat uchun eng samarali mudofaa vositasi bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

– Navbatdagi Patriotlar Ukrainada, ammo butun mamlakatni, infratuzilma va millionlab aholimizni himoya qilish uchun hali bunday qurol bizga ko‘p kerak, — dedi Zelenskiy.

Berlin uch oy oldin Kiyevga ikki to‘plam "Patriot" majmuasini va’da qilgan edi. Shu tariqa NATO miqyosida yetakchi hisoblangan Germaniya o‘z zaxirasidan eng ko‘p "Patriot" tizimini Ukrainaga topshirgan davlatga aylandi. Shuningdek, olmon davlati Ukrainaga IRIS-T va "Skynex" kabi boshqa havo mudofaasi vositalarini ham yetkazib bormoqda.

AQSH bilan kelishuvga ko‘ra, Germaniya "Patriot"lari safini keyinroq Vashington to‘ldiradi. Tramp ma’muriyati hozir Kiyevga qurol bermayotganini rasmiylar yana bir bor tasdiqladi.

Matuot xabariga ko‘ra, oxirgi tungi hujum chog‘i RF Ukrainaga 12 ta turli raketa, 138 zarba va chalg‘ituvchi dron yo‘naltirdi. Sumi viloyatida dron uyga urilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, oilaning besh a’zosi jarohatlandi. Dneprdagi ishlab chiqarish ob’ektiga raketa tushib, yana bir odam jarohatlangan.

Ukraina havo kuchlari ko‘plab dron va raketalar yo‘q qilingani, va afsuski, ayrimlari nishonga tekkanini ma’lum qildi.

– Rossiya begunoh aholini, tungi uyqu payti xonadonlarni nishonga olmoqda, — dedi hudud rahbari Oleg Grigorev.

Kiyev ham RF iqtisodiyoti tayanchi sanalgan neft infratuzilmasiga hujumni davom ettiryapti. Saratovdagi yirik neftni qayta ishlash zavodi ketma-ket to‘rtinchi marta zarba ostida qoldi. Amaliyot natijasida yong‘in yuzaga kelgan bu zavod yiliga bir necha million tonna neft qayta ishlaydi.

Zelenskiy avvalroq Ukraina uzoq masofaga uchuvchi raketalar bilan Rossiya neft quvvatining 20 foizini ishdan chiqarganini aytgan.

Musulmon Ziyo, O‘zA