Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida atoqli adib Qo‘chqor Norqobil asari asosida sahnalashtirilgan “Osmon hamma gapni eshitadi” musiqali drama spektaklining premerasi bo‘lib o‘tdi.
Spektaklda 1987 yilda Afg‘onistonda xizmat burchini o‘tagan Mo‘minjonning bugungi hayoti, turli muammolarga ro‘baro‘ bo‘lishi haqida hikoya qilinadi. Mo‘minjon va uning umr yo‘ldoshi Olga yashab turgan mo‘’jaz hovliga pulga tuzoq qo‘ygan kimsalar – tuman hokimligining ayrim mutasaddilari, mahalla raisi va boshqa amalparastlar xaridor bo‘ladilar. Ota hovlisini tark etishni istamagan keksalarga esa turli yo‘llar bilan tahdid qilina boshlanadi. Boz ustiga Mo‘minjon Mirzayevning yashil sayyohlikni rivojlantirishga oid loyihasiga ham olg‘irlar ko‘z olaytirib ulgurgan edilar.
Mo‘minjon o‘z haq-huquqini talab qilib, kurashdan to‘xtamaydi. Haqiqat qaror topadi. Eski hovli-joylar buzilmaydigan bo‘ladi. Qaytaga bu mahalla Mo‘minjonning loyihasi asosida sayyohlik mahallasiga aylantiriladi.
Spektakl mehr-muhabbat, yaxshilikning chegarasi yo‘qligi haqida hikoya qilishi bilan birga, davlat siyosatini obro‘sizlantirayotgan kimsalarning qilmishlarini fosh etishi bilan ham ahamiyatga molik. Darhaqiqat, bu dunyoda ezgulik ham, yomonlik ham javobsiz qolmaydi. Zero, borliq, yuksaklarda bo‘lsa-da, osmon bariga guvoh.
Tomoshabinlarga manzur bo‘lgan ushbu sahna asari ushbu teatrning bosh rejissyori Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan. Asosiy rollarni Tohir Rahimov, Ma’suda Otajonova, Otabek Haqberdiyev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov, Farhod Qurbonov, Zulfiya Umirova, Iqbol Oshiqov va boshqa aktyorlar ijro etgan.
Teatrning xor, balet jamoalari, orkestr sozandalari sahna asarining yanada jozibali bo‘lishini ta’minlaganlar. Mazkur sahna asariga musiqalarni atoqli bastakor Oydin Abdullayeva yozgan.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri