Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘smirlarimiz Butunjahon shaxmat olimpiadasi O‘zbekiston sharafini himoya qiladi
15:46 / 2025-08-14

Joriy yilning 16-23 avgust kunlari Kolumbiyaning Barrankilya shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasi musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

Bugungacha 9 ta turdan iborat olimpiada o‘yinlari dunyoning 45 ta mamlakatidan 89 ta jamoa ishtirok etish talabnomalarini taqdim etgan.

Xo‘sh, mazkur nufuzli musobaqada mamlakatimiz sharafini qaysi yosh shaxmatchilarimiz himoya qiladi?

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi murabbiylar kengashining joriy yil may oyidagi qaroriga muvofiq Kolumbiya musobaqalarida vatanimiz sharafini mahoratli shaxmatchilarimizdan Afro‘za Hamdamova, Humoyun Bekmuratov, Muhammadzohid Suyarov va Asrorjon Omonov himoya qilishi belgilangan.

Tarixga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2018 yili Turkiyaning Konya shahrida tashkil etilgan 16 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Sitora Saparovadan iborat yosh shaxmatchilarimiz shov-shuvli tarzda dunyoning eng kuchli jamoalari sanalgan Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Ukraina, Vengriya, Polsha kabi jamoalarni dog‘da qoldirib, oltin medalga sazovor bo‘lgandi.

2023 yil Niderlandiyaning Eyndxoven shahrida o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida mamlakatimiz vakillari 63 ta jamoa orasida 20-o‘rinni egallagandi.

Xo‘sh, bu yilgi natijalarimiz qanday bo‘ladi? Afro‘za Hamdamovaning ikki yil mobaynidagi jahon chempionatlarida muvaffaqiyatga erishib kelayotganligini, Humoyun Bekmuratov, Muhammadzohid Suyarov va Asrorjon Omonov qator davlatlarda tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda tuplagan tajribasini inobatga olsak, istaklarimiz orzularimizga mos kelishidan darak berayotgandek.

Kolumbiyaning Barrankilya shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida o‘tadigan Butunjahon shaxmat olimpiadasining dastlabki tur o‘yinlari 17 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA