Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabida o‘smirlar va qizlar o‘rtasida tennis bo‘yicha (ITF) musobaqalari taqvimiga kiruvchi an’anaviy xalqaro turnir yakunlandi.
Qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu xalqaro turnirda O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy kabi o‘ndan ortiq davlatdan yosh tennischilar o‘z imkoniyatini sinovdan o‘tkazdi.
Xalqaro turnir bosh hakami Sanjar Muydinov o‘smirlar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan final musobaqalariga ishtirokchilar puxta tayyorgarlik ko‘rganligini qayd etdi.
– Bolalar va qizlar o‘rtasida yakkalik va juftlik final musobaqalari o‘tkazildi, – dedi mazkur xalqaro turnir bosh hakami Sanjar Muydinov. – Ishtirokchilar turnirga yaxshi taraddud ko‘rgan. Bu ularning musobaqalaridagi harakatidan bilinib turibdi. Joriy yilning bahor oyida ham 5-kategoriya turniri o‘tkazilgan edi.
Hozir birinchi marta ikki haftaning ichida turnirning birinchi kungi raketkachisi finalda o‘ynadi. Bunaqa holat kamdan-kam bo‘ladi. Masalan, o‘tgan haftadagi turnirda birinchi tennischi hindistonlik Yuvan Nandal yarim finalda chiqib ketgan. Ikkinchi tennischi ham chorak finalda yutqizgan. Demoqchi bo‘lganim shuki, birinchi va ikkinchi tennischining finalga chiqishi odatiy holat emas. Chorak va yarim finallar kuchlilarni saralaydi.
Turnirning yakuniy natijalariga ko‘ra, bolalar o‘rtasida yakkalik musobaqasida birinchi o‘ringa hindistonlik Yuvan Nandal sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin esa rossiyalik Venedikt Sirekidzega nasib etdi. Qizlar o‘rtasida yakkalik o‘yinda birinchi o‘rinni Dariya Shadchineva (Rossiya), ikkinchi o‘rinni Vlada Andreyevskaya (Qirg‘iziston) egalladi.
Turnirning juftlik musobaqalarida birinchi o‘ringa Oleg Kornilov, Ivan Yutkin va ikkinchi o‘ringa Dmitriy Bursev, Ilya Malsev, shuningdek, qizlar o‘rtasida birinchi o‘ringa Aiya Nupbay, Asiljan Aristanbekova hamda ikkinchi o‘ringa Aiya Amankeldi, Vlada Milovanova muyassar bo‘ldi.
– Xalqaro turnirda birinchi o‘rin sohabasi bo‘ldim. Bunday yutuq menga o‘z ustimda ishlashga katta kuch bag‘ishlaydi. Mamlakatingizda o‘tkazilgan o‘smirlar va qizlar o‘rtasida tennis bo‘yicha xalqaro turnir men uchun katta taassurotlarga boy bo‘ldi. To‘g‘ri, bu yerda harorat ancha yuqori. Lekin bunday issiq final musobaqalariga ta’sir qilmadi. Muhimi turnirda raqib bilan yaxshi va unutilmas o‘yin ko‘rsatish. Men uchun yakkalik o‘yinda g‘olib bo‘lish esa ana shu bellashuvning sarhisobidir, – dedi rossiyalik tennischi Dariya Shadchineva.
Turnir yakunida g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri