Farg‘ona shahridagi “Samo” sport majmuasida taekvondo ITF yo‘nalishi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizning turli hududlaridan 600 dan ziyod sportchi g‘oliblik uchun bahs olib borishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda sportning taekvondo ITF turi sportcyevarlar orasida ommalashib borayotgan yo‘nalishlarning biriga aylandi. Tajribali murabbiylar qo‘l ostida shug‘ullanayotgan iqtidorli yoshlar respublika musobaqalari bilan birga, xalqaro bellashuvlarda munosib qatnashib, yaxshi natijalarni qayd etishmoqda.

Ayniqsa, sportchilarning mahorat va tajribasini oshirishda Yoshlar siyosati va sport vazirligi taqvim rejaga asosan tashkil etayotgan musobaqalar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Farg‘ona shahri mezbonlik qilgan O‘zbekiston kubogi bahslari ham ana shu maqsadlarga xizmat qildi. Ushbu nufuzli musobaqa orqali terma jamoa a’zolari yana bir bor ko‘rikdan o‘tkazilib, 2024 yil oktyabr oyida Toshkentda o‘tkaziladigan jahon kubogi va jahon chempionatiga saralab olindi.

– Ustozim Asamov Xojaakbar qo‘l ostida uch yildan beri shug‘ullanib kelaman, – deydi g‘oliblar safidan o‘rin olgan Abdushukur G‘afurov. – Ko‘plab musobaqalarda qatnashib, yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritib ustozim va ota-onamning ishonchini oqlab kelmoqdaman. Bunday katta musobaqada birinchi bor ishtirok etishim. Kelajakda bundan katta yutuqlarni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonimiz bayrog‘ini jahon arenalarida ham balandga ko‘tarish orzumdir.

Ikki kun davom etgan qiziqarli bahslarda 5 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar taekvondo ITFning shaxsiy massogi, jamoaviy massogi va shaxsiy tul yo‘nalishlarida munosib ishtirok etdi. Ayniqsa, Toshkent shahri, Farg‘ona, Buxoro, Andijon, Namangan va Jizzax viloyatlari yosh sportchilarining tezkor harakatlari tomoshabinlarning diqqat-e’tiborini tortdi.
Umumjamoa hisobida birinchi o‘rin Toshkent viloyati jamoasiga nasib qildi. Ikkinchi o‘rinni buxorolik sportchilar qo‘lga kiritishgan bo‘lishsa, Farg‘ona jamoasi kuchli uchlikdan o‘rin oldi.
M.Sulaymonov, O‘zA