Ozarbayjonning Boku shahrida Xalqaro tennis federatsiyasi tomonidan o‘tkazilayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi J30 tasnifiga kiruvchi nufuzli xalqaro turnirda tennischilarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Ular ayni paytda bosh sovrin uchun kurashda da’vogarlikni saqlab qolgan.
Yakkalik bahslarining ikkinchi davrasida hamyurtimiz Yusufbek Malikov isroillik Itay Kilimnik ustidan 6:1, 6:4 hisobida ishonchli g‘alaba qozondi. Endi u chorak finalda gruziyalik Juka Kacheishviliy bilan kuch sinashadi. Shu bilan birga, kuni kecha yana bir tennischimiz — Mahmudbek Beknazarov ham 1/4 finalga yo‘l olib, ruminiyalik Matey Sukuга qarshi bahs olib boradigan bo‘ldi.
Juftlik bahslarida esa Amir Safoyev va Asilbek Ismoilov tandemi o‘z ishtirokini munosib davom ettirmoqda. Ular avstriyalik Kris Jovan Gubza hamda ruminiyalik Matey Suku juftligini 6:3, 3:6, 10:5 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi. Endilikda hamyurtimiz dueti AQSH vakili Arush Kote hamda isroillik Itay Kilimnik juftligiga qarshi maydonga tushadi.
Qizlar o‘rtasidagi juftlik bahslarida ham mamlakatimiz vakili Elnura Boltaboyev qozog‘istonlik sherigi Tamina Saken bilan birga muvaffaqiyatli o‘yin namoyish etmoqda. Ular chorak finalda fransiyalik Yeva-Vlada Anisina va neytral tennischi Yelizaveta Privalova duetini 7:6, 6:3 hisobida mag‘lub etdi.
Shu tariqa Elnura va Tamina final yo‘llanmasi uchun Polina Bershteyn – Alisa Kuzmina juftligiga qarshi bahs olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA