O‘zA loyihasi: Mahkumlar qismati
Mahkumlar qismati eng og‘ir qismat ekanini doim ta’kidlaymiz. Chunki, panjaralar ortida o‘tayotgan umrning har lahzasi afsus va nadomatga to‘la bo‘ladi.
Zero, ular jinoyatga qo‘l urmaganida, erkin yashashi, orzu umidlarini ro‘yobga chiqarishi mumkin edi. Panjara ortidagilar hali katta hayotga qadam qo‘ymagan o‘smirlar bo‘lsa, bu yanada ayanchliroq. Axir umrning qanday kechishi, yo‘l boshida tashlangan qadamlarga ko‘p jihatdan bog‘liq.
Zangiota tumanidagi tarbiya koloniyasida saqlanayotgan o‘smirlar qo‘l urgan jinoyatlarga nazar solsangiz, ularning hammasi ota-onaning farzand tarbiyasiga befarqligiga borib taqaladi. Zotan, o‘g‘rilik, talonchilik, narkokurerlik va hatto, qotillik tasodifan yuz beradigan jinoyatlar emas.
Suhbatdoshimiz Asilbek Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida tug‘ilgan. Bir qarashda ko‘zlari ma’yus va ma’sum bu yigitchani jinoyatchi, deyish qiyin. Tabiatan tortinchoq bu bolaning birovga ozor berishi aslida dargumon.
Ammo u hali go‘dakligida ota-onasining ajrashib ketgani, avval ona mehriga zor bolakay otasi qayta uylanganidan keyin ota mehridan ham mosuvo bo‘lgan.
Otaning ro‘zg‘or tashvishlari bilan uyda kam bo‘lishi, keyinchalik xorijga ishga ketgani, o‘gay onaga bolani kamsitish, azob berish uchun sharoit yaratib bergan. Hali yosh bola ekanida boshlangan tahqirlash bola balog‘at yoshiga yetgunicha yig‘ilib, ulkan ichki nafratni shakllantirdi.
– O‘gay onam uyimizga kelganida olti yoshda edim, – deydi Asilbek. – Avval singlim, keyin ukam tug‘ildi. Meni esa yoqtirmasdi, doim ajratishga urinar, ko‘pincha uydan chiqarib yuborar edi. Shunday paytlari buvimnikiga borardim. Buvim esa meni uyga olib kelib qo‘yardi. O‘sha kuni ukam bilan tortishib qoldik. Qo‘limda turgan magnitni bermaganimga u xarxasha qilib turganida o‘gay onam kelib qoldi. Meni haqoratlab, urib ketdi. Qarasam, qo‘lim yetadigan joyda pichoq turgan ekan, shartta olib unga tiqib yubordim. Pichoq o‘gay onamning bo‘yniga sanchildi. Men o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. O‘gay onam bo‘lsa menga “meni kechir”, – dedi. Men esa uydan chiqib ketdim.
Bu voqea yuz berganida Asilbek 16 yoshda edi. Bexosdan qilgan ishidan qo‘rqib ketgan bo‘lsa ham “tez yordam” chaqirishi kerakligini angladi. Avval “tez yordam”ga, keyin buvisiga qo‘ng‘iroq qilib, yuz bergan voqeani aytdi.
“Tez yordam” yetib kelganida esa o‘gay ona olgan tan jarohati oqibatida hayotdan ko‘z yumgan edi.
Asilbek esa ichki ishlar organiga olib ketildi. So‘roqlar, suhbatlardan keyin sud bo‘lib o‘tdi. U yetti yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Tarbiya koloniyasiga kelganiga bir yildan oshgan bo‘lsa ham u qotillik qilganiga o‘zi ham ishona olmaydi. Qo‘rqinchli tush kabi o‘sha kunni eslayveradi.
Asilbek qamalganidan keyin ota ham Rossiyadan uyga qaytdi. Hozir o‘g‘lidan tez-tez xabar oladi. O‘g‘lining kitob o‘qishga qiziqishi, kasb-hunar egallashga bo‘lgan ishtiyoqi otani mamnun qiladi. Vaqtida o‘g‘li bilan o‘zi shug‘ullanmaganiga afsus chekadi.
Biroq xalqimizda so‘nggi pushaymon, o‘zingga dushman, degan naql bekor aytilmagan. Bu har bir ishni fursat borligida qilish, keyin attang qilib qilmaslik ma’nosida aytiladi.
Ayniqsa, farzand tarbiyasida har bir daqiqa g‘animat. Bo‘lmasa bo‘sh qolgan daqiqalarni yomonlik egallab olishi hech gap emas. Qachonki, bunga yo‘l qo‘yilsa nafaqat bolaning hayoti barbod bo‘ladi, balki ota-onaning ham yuzi bir umrga shuvut bo‘ladi.
Shunday ekan, har bir onni g‘animat bilib, bolalar tarbiyasiga jiddiy qarash kerakligini unutmaylik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/u-95AMNHC7Y" title="O‘smir o‘gay onasini nega o‘ldirdi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Norgul Abduraimova, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA