O‘smir futbolchilarimiz Boliviyani mag‘lub etdi
Joriy yilning 3–27 noyabr kunlari Qatarda futbol bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ushbu nufuzli musobaqada “J” guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, Paragvay, Panama va Irlandiya termalari bilan raqobatlashadi.
Jahon birinchiligiga munosib tarzda tayyorgarlik ko‘rayotgan terma jamoamiz Janubiy Amerikada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdi.

Islom Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Boliviya o‘smirlar terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Uchrashuvdagi yagona gol 89-daqiqada Azizbek Abdumo‘minov tomonidan urildi. Shuningdek, 61-daqiqada Asilbek Aliyev qizil kartochka olib maydonni tark etdi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘in doirasida terma jamoamiz avvalroq Chili o‘smirlar terma jamoasiga qarshi ikki uchrashuv o‘tkazib, 1:0 va 2:1 hisoblarida g‘alaba qozongan edi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA