9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyati hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari G‘ofurjon Mirzayev, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda Boyovut tumanida istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi O‘skan bobo Xojimanovni bayram bilan tabrikladi.
Viloyat hokimi Prezidentimiz yo‘llagan tabrikni o‘qib eshittirdi. "Mustaqillik monumenti" statuetkasi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga berilayotgan bir martalik 15 million so‘m pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
“Sizni jonajon Vatanimizda keng nishonlanayotgan ulug‘ ayyom — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan buyuk galabaning 77 yilligi bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni izhor etishdan g‘oyat mamnunman. Sizning ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining mard va fidoyi farzandlari qatorida butun insoniyatni fashizm balosidan xalos etish yo‘lida ko‘rsatgan qahramonligingiz, ulkan iroda va matonatingiz bugungi va kelgusi avlodlar uchun chinakam ibrat va vatanparvarlik namunasidir”, – deyiladi Prezident tabrigida.
O‘skan bobo Xojimanov ko‘rsatilgan e’tibordan mamnun bo‘lib yurtimizga tinchlik, osoyishtalik tilab duo qildi. Viloyat hokimiga qarata "Prezidentni ko‘rsangiz meni nomimdan salom va rahmat ayting” dedi.
97 yoshni qarshilayotgan O‘skan bobo turmush o‘rtog‘i Navat aya bilan 4 o‘g‘il va 4 qizni voyaga yetkazgan. bugungi kunda O‘skan bobo 46 nevara, 34 chevaraning suyukli bobosidir.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri