Osiyoning eng qimmat futbolchilari orasida Abduqodir Husanov ham bor
Dunyoga mashhur "Transfermarkt" portali tomonidan futbol bo‘yicha Osiyo qit’asining eng qimmat futbolchilari reytingi e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Angliyaning “Manchester Siti” klubi a’zosi Abduqodir Husanov 35 million yevro transfer qiymati bilan ushbu ro‘yxatda uchinchi o‘rinni egalladi.
Ayni paytda 21 yoshli markaziy himoyachimizdan yuqori o‘rinlarda faqat Yaponiya terma jamoasi va “Brayton” klubi futbolchisi Kaoru Mitoma hamda Janubiy Koreya va “Bavariya” safida to‘p surayotgan Kim Min Je (har ikkalasi ham 40 million yevro) qayd etilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu reytingda yana ikki nafar yurtdoshimiz ham o‘rin olgan. Rossiyaning “SSKA” klubi safida muvaffaqiyatli harakat qilayotgan Abbosbek Fayzullayev 8 million yevro bilan 27-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Italiyaning “Roma” jamoasida to‘p surayotgan Eldor Shomurodov 5 million yevro bahosi bilan 42-o‘rindan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA