Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyoliklar Dubaydagi boyligini xavfsiz joyga ko‘chirmoqda
13:27 / 2026-03-06

Yaqin Sharqdagi keskinlik va Birlashgan Arab Amirliklari hududiga qarshi raketa hamda dron hujumlaridan keyin ayrim boy osiyolik sarmoyadorlar Dubaydagi aktivini nisbatan xavfsiz hisoblangan moliyaviy markazlarga ko‘chirish harakatiga tushgan. "Reuters" ma’lumotiga ko‘ra, ayniqsa Singapur va Gonkongga pul o‘tkazish bo‘yicha murojaat ko‘paygan.

Masalan, Dubayda yashovchi ikki hindistonlik tadbirkor 100 000 dollardan ziyod mablag‘ini Singapurga o‘tkazishga uringan. Texnologik muammo sabab dastlab bu ish amalga oshmagan bo‘lsa-da, keyinchalik ulardan biri boshqa bank orqali maqsadiga erishgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, so‘nggi kunlarda Dubayda zaxira to‘plagan ko‘plab osiyolik boylar pulini Singapurga ko‘chirish imkoniyati haqida maslahat olmoqda. Ayrim yuridik va moliyaviy kompaniyalarga o‘nlab oilaviy investitsiya idoralari shu masalada murojaat qilgan.

Xususiy kapital huquqshunosi Rayan Lin aytishicha, uning Dubayda aktivga ega 20 mijozidan kamida 6 nafari oxirgi kunlarda aloqaga chiqqan, uch nafari mablag‘ini zudlik bilan Singapurga o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Binobarin, hamma investorlar ham Dubaydan chiqib ketishga shoshilayotgani yo‘q. Ayrim moliyaviy maslahatchilar mijozlarga uzoq muddatli istiqbolda BAA iqtisodiyotiga ishonch saqlanishini bildirmoqda. Amirlik Markaziy banki rahbari Xolid Muhammad Balama mamlakat moliya tizimi barqarorligi, banklar odatiy tartibda ishlayotganini ta’kidlagan.

Singapur va Gonkongdagi ayrim investitsiya kompaniyalari esa sarmoyadorlar hozircha vaziyatni kuzatishayotganini aytgan. Ekspertlar fikricha, agar mojaro ko‘lami yanada kengaysa, Dubaydan kapital chiqib ketish jarayoni tezlashadi.

Musulmon Ziyo, O‘zA