French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyoda tengsiz bo‘lgan para kanoechilarimiz munosib kutib olindi
17:16 / 2025-06-17

Joriy yilning 12-15 iyun kunlari Tailandda para kanoe bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo chempionatida vakillarimiz 7 ta oltin, 6 ta kumush va 1 ta bronza jami 14 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.

Mazkur muvaffaqiyatga erishgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarini Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olish marosimi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston eshkak eshish federatsiyasi rahbariyati, ommaviy axborot vositalari vakillari va sportchilarning oila a’zolari ishtirok etdi. 

Mamlakatimizda bugungi kunda paralimpiya harakatiga qaratilayotgan e’tibor samarasida para kanoe bo‘yicha nufuzli musobaqalarda terma jamoamiz a’zolari shohsupa to‘riga ko‘tarilmoqda. 

Bu galgi Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan  Shahnoza Mirzayeva, Shahzoda Mamadaliyeva ikkitadan oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Hasan Qo‘ldoshev, To‘rabek Nazarqulov, Hayitmurod Sherqo‘ziyev bittadan oltin medalga ega chiqdi. 

Shuningdek, o‘z yo‘nalishlarida Hayitmurod Sherqo‘ziyev, Oybek Yo‘ldoshev, Iroda Rustamova, Hasan Qo‘ldoshev, To‘rabek Nazarqulov va Azizbek Abdulhabibov kumush, shuningdek, Oybek Yo‘ldoshev KL2 500 dasturida bronza medalini qo‘lga kiritdi.

– Osiyo chempionati qizg‘in o‘tdi, – deydi O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Shahzoda Mamadaliyeva. – Musobaqaning ikki yo‘nalishida chempionga aylanganimdan behad xursandman. Ushbu muvaffaqiyatlarim zamirida murabbiylarimning to‘g‘ri ko‘rsatmalari va bizga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar yotibdi. Umid qilamanki, bu g‘alabalarimiz bardavom bo‘ladi. 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA