Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash AQSHda yig‘ilish o‘tkazdi
Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qozog‘iston tomoni tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasi doirasida tashkil etilgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning vazirlar ishtirokidagi norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Bahrayn, Iordaniya, Hindiston, Eron, Pokiston, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlar vakillari ham qatnashdi.
Kengash a’zolari 2022 yil 12-13 oktyabr kunlari Astana shahrida bo‘lib o‘tadigan oltinchi sammitga tayyorgarlik ko‘rish, anjumanning yakuniy hujjatlarni kelishish masalasini muhokama qildilar.
Mamlakatimiz delegatsiyasi qatnashchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Kengash doirasida bildirilgan aniq taklif va tashabbuslar haqidagi ma’lumotni havola etdi.
O‘zA