Joriy yilning 27-31 may kunlari Janubiy Koreyada yengil atletika bo‘yicha Osiyo chempionati tashkil etiladi. Chempionat oldidan Gumi shahrida Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasining XXVI Kongressi bo‘lib o‘tdi.
Kongressda Osiyo qit’asining turli mamlakatlaridan kelgan milliy federatsiyalar delegatlari ishtirok etdi. Unda mintaqada yengil atletikani rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, milliy federatsiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yengil atletika bo‘yicha qit’aviy dasturlarni takomillashtirish masalalari kun tartibidan o‘rin oldi.
Shuningdek, Assotsiatsiya Nizomiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. O‘tgan vaqt mobaynida texnik, ayollar, tibbiyot, murabbiylar, kross va shosseda yugurish va sportcha yurish qo‘mitalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlari tinglandi. Unda ta’kidlanishicha, ushbu tuzilmalar faoliyati sportchilarni qo‘llab-quvvatlash, sport infratuzilmasini rivojlantirish, murabbiy va tibbiyot xodimlari malakasini oshirish, shuningdek, yengil atletikani yoshlar va xotin-qizlar orasida yanada ommalashtirishga asosiy e’tibor qaratilgan.

Mazkur anjumanda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi Bosh kotibi Komiliddin Ro‘zamuhamedov ham ishtirok etdi.
Darvoqe, Osiyo yengil atletika chempionati arafasida tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur marosimda O‘zbekistonda yengil atletika rivojiga qo‘shgan samarali hissasi, yuksak professionalligi va fidokorona mehnati uchun O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasining hududlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Elvira Shinnibekova “Yil ayoli” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi. Mukofotni Elvira Shinnibekovaga Osiyo Yengil atletika assotsiatsiyasi prezidenti Daxlan Al-Xamada topshirdi.

Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatida quyidagi tarkib bilan ishtirok etadi:

Yugurish bo‘yicha yo‘nalishlar
200 metr: Jonbibi Hukmova, Laylo Allaberganova
400 metr: Abbosbek Toshtemirov, Dilshodbek Boboqulov, Jonbibi Hukmova, Irina Levina
800 metr: Irina Levina
5 000 metr: Hasan Mirsoatov
10 000 metr: Andrey Petrov
3 000 metr stiplcheyz: Dilshoda Usmonova, Sadafbonu Nusratillayeva.
To‘siqlar osha yugurish
110 metrga to‘siqlar osha: Ergash Normurodov
100 metrga to‘siqlar osha: Lidiya Podsepkina
400 metrga to‘siqlar osha: Hasanbek Rustamjonov, Nurxon Ochilova.
Ko‘p kurash yo‘nalishlari
O‘nkurash: Nodir Norboyev
Yettikurash: O‘g‘iloy Norboyeva.
Sakrash yo‘nalishlari
Balandlikka sakrash: Amir Nagayev, Vadim Chikalov, Safina Sadullayeva, Barnoxon Sayfullayeva.
Uch hatlab sakrash: Ibrohim Mahkamov, Sharifa Davronova, Roksana Xudoyorova.
Uzunlikka sakrash: Aleksandr Stepanov, Anvar Anvarov, Sharifa Davronova.
Uloqtirish yo‘nalishlari:
Bosqon uloqtirish: Suhrob Xodjayev.
Yadro uloqtirish: Doston Rajabov, Malika Nasriddinova
Nayza uloqtirish: Asadbek Murodov, Sarvar Ismoilov, Nargiza Qo‘chqorova.
Disk uloqtirish: Rashidbek Sodiqov
Yurish yo‘nalishi:
20 km.ga sportcha yurish: Rasulbek Dilmurodov.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA