Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo xotin-qizlari forumida qanday masalalar ko‘rib chiqiladi?
09:25 / 2024-05-07

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida yetakchi ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirish borasida tajriba almashish maqsadida forum o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.

Bir necha kundan keyin Samarqand shahrida o‘z ishini boshlaydigan Osiyo xotin-qizlari forumi buning amaliy ifodasidir.  

Nufuzli anjuman “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusiga bag‘ishlanadi.  

“BMT-ayollar” tuzilmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan forumda ellikka yaqin xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.  

Unda parlamentlarning ayol a’zolari, hukumat, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ishbilarmon ayollar, siyosatshunoslar, ijtimoiy faollar, olimlar, iqtisodiyot tarmoqlari va turli sohalar xodimlari 10 ta parallel sessiya doirasida muhim mavzular yuzasidan fikr almashadi.  

Xotin-qizlarning fan, ta’lim va innovatsion faoliyatdagi ishtiroki hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishi, hozirgi global iqtisodiyotda ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikni kamaytirish, tadbirkorlik, yetakchilik va innovatsiyalarga jalb etish masalalari shular jumlasidan.  

Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlarning ishtiroki masalasi ko‘rib chiqiladi. Xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, biznes va jamiyatda ularning ishtirokini rag‘batlantirishda parlamentlarning o‘rni, genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish, moliyaviy imkoniyatlardan foydalanishda gender tafovutni bartaraf etish, xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllariga barham berish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.  

“Yashil” iqtisodiyotni targ‘ib qilish, iqlim o‘zgarishining mintaqadagi gender muammolarga ta’siri hamda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ilg‘or tajribasi va innovatsion yondashuvlari ham ko‘rib chiqiladi.  

Forum yakuni bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasining qabul qilinishi nazarda tutilgan.  

Ayni kunlarda Senat tomonidan forumga tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Forumga tashrif buyuradigan mehmonlarni kutib olish va joylashtirish, anjumanning yuqori saviyada, samarali o‘tkazilishi uchun barcha choralar ko‘rilmoqda.  

N.Abduraimova, O‘zA