2026 yilning 3-6 may kunlari Samarqand shahri Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) 59-yillik yig‘ilishiga mezbonlik qiladi.
Bankka a’zo 69 davlat bank-moliya muassasalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida o‘tkaziladigan yig‘ilishda Osiyo-Tinch okeani mintaqasida joylashgan mamlakatlarning rivojlanish muammolarini ko‘rib chiqish ko‘zda tutilgan.
Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Osiyo Taraqqiyot banki kotibi maslahatchisi David Garrigos-Soliva hamda bankning strategik va siyosiy departamenti bosh mutaxassisi Botir Mirboboyev bilan uchrashuvda majlisga tayyorgarlik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

Adiz Boboyev OTBning yillik yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilayotganidan mamnun ekanligini bildirib, ushbu nufuzli tadbirni yuqori darajada o‘tkazish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi.
David Garrigos-Soliva 59-yillik yig‘ilish mintaqaning ko‘plab sohalarida o‘zig xos muloqot va hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma vazifasini o‘tashini qayd etdi.
– Biz murakkab muammolarni birgalikda hal qilish uchun bank a’zolari va hamkorlari bilan ishlar ekanmiz, odamlar hayotini o‘zgartirish, sifatli infratuzilmani barpo etish uchun innovatsion moliyaviy vositalar va strategik hamkorlikka tayanamiz, – dedi David Garrigos-Soliva.

Bank vakillari Samarqandda yashil iqtisodiyotga o‘tish, xususiy sektorni mustahkamlash va inson kapitaliga sarmoya kiritishga ko‘maklashishi, “yashil shahar” loyihasi doirasida Samarqandda ekologik toza elektrobus va tramvaylar harakati yo‘lga qo‘yilganligini e’tirof etib, yig‘ilish doirasida hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini ma’lum qilishdi.
Shuningdek, muloqotda yillik yig‘ilish doirasida bank-moliya muassasalari rahbarlari, xorijlik investorlar ishtirokida samarqandlik tadbirkorlar, ishlab chiqaruvchilar ishtirokida biznes-forum hamda uchrashuvlar o‘tkazishga ham kelishib olindi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri