Osiyo taraqqiyot bankining janubiy, markaziy va g‘arbiy Osiyo hududlari bo‘yicha vitse-prezidenti Inmin Yang boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Orolbo‘yiga rasmiy tashrif davomida mazkur bank ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilmaviy loyihalar bilan yaqindan tanishishdi.
Xususan, A380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lining Beruniy va Qorao‘zak tumanlari hududidan o‘tgan 673-698-km oralig‘idagi 25 kilometrlik qismini sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilish jarayoni o‘rganildi. Shuningdek, delegatsiya a’zolari mazkur yo‘lning To‘rtko‘l - Ellikqal’a - Beruniy tumanlari hududidan o‘tgan qariyb 87 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan ham tanishdi.

Ushbu yo‘lning qayta qurilishi nafaqat mintaqaning transport-kommunikatsiya tizimini tubdan yaxshilash, balki xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirish, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

Delegatsiya a’zolari qurilish ishlari sifati va amalga oshirilish jarayoniga ijobiy baho berib, bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA