Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi F. Ermanov Osiyo taraqqiyot bankining janubiy, markaziy va g‘arbiy Osiyo hududlari bo‘yicha vitse-prezidenti Ingming Yang boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi,
Unda dastlab so‘nggi yillarda yurtimizda xalqimizning farovon turmushini ta’minlash yo‘nalishida Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, bu borada Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi investitsiya loyihalari keng tarzda ta’kidlab o‘tildi. Shundan so‘ng, bank ishtirokida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan xalqaro ahamiyatdagi A-380 “G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yo‘lining Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlari hududidan o‘tgan qismini rekonstruksiya qilish loyihasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, Osiyo taraqqiyot bankining 233,1 million dollar qarz mablag‘i asosida A-380 avtomobil yo‘lining Qoraqalpog‘iston Respublikasidan o‘tgan qariyb 87 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish belgilangan edi.
Loyiha doirasida 75 km uzunlikdagi yangi halqa yo‘li (To‘rtko‘l - Ellikqal’a - Beruniy) qurilishi va mavjud avtomobil yo‘lining 12 kilometrlik qismini qayta qurish rejalashtirilgan.
Uchrashuv davomida Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi loyihalar infratuzilmasi bilan bog‘liq muammolarni hal etish, mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlash aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlanib, hamkorlik ishlari bundan buyon ham davom ettirilishi qayd etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri