English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Buxoroda
16:09 / 2022-03-28

Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsugu Asakava boshchiligidagi delegatsiya ko‘hna va boqiy Buxoroda bo‘ldi. Martabali mehmonlarni Buxoro temiryo‘l vokzalida viloyat hokimi Botir Zaripov kutib oldi.

Delegatsiya a’zolari Kogon tumanida Osiyo taraqqiyot banki tomonidan imtiyozli kreditlar hisobidan moliyalashtirilgan loyihalar bilan tanishtirildi. Tumanda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi "Everest Green House" hamda "NRJ Agro centure" korxonalariga qarashli 5,4 gektar maydonda bapo qilingan zamonaviy tipdagi issiqxonalar faoliyati o‘rganildi. Osiyo taraqqiyot banki prezidenti loyihalarni amalga oshirish ishlari, undan foydalanish holati, korxonalarning eksport imkoniyatlari, yaratilgan ish o‘rinlari, tadbirkorlarning fikrlari bilan qiziqdi. 

Bundan ikki yil avval ishga tushgan loyihalarning umumiy qiymati 2,4 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Shundan xorijiy investitsiya miqdori 1,8 million AQSH dollariga teng. Yillik ishlab chiqarish quvvati 450 ming dollarga teng jamiyatlarda 54 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi. Mavsum davomida ishchilarning soni 200 taga yetadi. 

– Biz Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilgan 2 ta katta loyiha bilan tanishib, qishloq xo‘jaligiga qaratilgan e’tibor natijasida issiqxona xo‘jaliklari faoliyati ancha takomillashib borayotganining guvohi bo‘ldik, – deydi Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini.  – Shuni ishonch bilan ayta olamanki, ushbu korxonalar 2 yilda olgan kredit mablag‘ini to‘la qoplash imkoniyatiga ega. Demak, kelgusida ularning samarali faoliyati mamlakat iqtisodiyotiga katta ulush bo‘lib qo‘shiladi. Bunday ishonchli hamkorlik esa bizni yanada katta loyihalar ustida ishlashga undamoqda. Xususan, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari hamda uy-joy qurilishi tizimida ham mamlakat miqyosida katta loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz. 

Masatsugu Asakava boshchiligidagi delegatsiya Buxoro shahridagi tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi. Labi Hovuz ansambli, Toqi Sarrofon, Toqi Telpakfurushon, Toqi Zargaron rastalari, Buxoro gilamchilik markazi, Poyi Kalon majmuasi, Somoniylar maqbarasi, Ark qo‘rg‘oni bo‘ylab sayohat, shaharning o‘tmishi, ajdodlarimizning boy madaniy va ma’naviy merosi, bugungi kunda hududda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi yangilanishlar jarayoni mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar shu kunning o‘zida Buxoro xalqaro aeroportidan Toshkent shahriga jo‘nab ketdi. 

Zarif Komilov, O‘zA