Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2025-yilda 5,6 foizgacha o‘sishini prognoz qilmoqda
08:26 / 2024-04-16

Poytaxtimizda Osiyo taraqqiyot banki o‘zining «Osiyo rivojlanishi istiqbollari» nashrida O‘zbekistonga bag‘ishlangan taqdimotini o‘tkazdi.

Unda Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonim, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) rektori Jasur Solixov va boshqalar mamlakatimizda iqtisodiy o‘sish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar va uning ko‘rsatkichlariga to‘xtalib o‘tdi.

Osiyo taraqqiyot bankining yetakchi hisobotiga muvofiq, narxlar oshishining uy xo‘jaliklarining ixtiyorida bo‘ladigan daromadga ta’siri natijasida 2024-yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayishi kutilmoqda.  

Taqdimotda ta’kidlanganidek, OTB o‘zining «Osiyo rivojlanishi istiqbollari» (Asian Development Outlook – ADO) nomli nashrida O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda 5,5 foizni tashkil etishini, 2025-yilda esa 5,6 foizgacha o‘sishini prognoz qilmoqda. Bunda tartibga solinadigan narxlar oshishining uy xo‘jaliklari daromadiga ta’siri tufayli o‘sish sekinlashishi kutilmoqda. Bu esa iste’mol talabining pasayishiga olib kelishi mumkin.  

Osiyo taraqqiyot bankining mamlakatimizdagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya xonimning so‘ziga ko‘ra, o‘tgan yili sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi barqaror ko‘rsatkichlar tufayli O‘zbekistonda tahsinga sazovor iqtisodiy o‘sish kuzatilgan.

– Ushbu kuchli o‘sishni kuchli investitsiya muhiti va asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini soliqdan ozod qilish bo‘yicha strategik siyosat qo‘llab-quvvatladi. Bu esa qat’iy pul-kredit siyosati bilan birgalikda inflyatsiyaning sezilarli sekinlashishiga yordam berdi. 2024-yilda o‘sish sur’atlarining sekinlashishi prognoz qilinayotganiga qaramay, iqtisodiy prognozlar ijobiy bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, OTB yashil rivojlanish siyosati O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tishida muhim ahamiyat kasb etadi, deb hisoblaydi. Hozirgi vaqtda yashil siyosatning turli vazirliklar va idoralar o‘rtasida bo‘linishi yashil iqtisodiyotga samarali erishish uchun xavf tug‘diradi. Shunday ekan, sa’y-harakatlarni optimallashtirish, muvofiqlashtirishni yaxshilash va mamlakatning barqaror iqtisodiy amaliyotga o‘tish jarayonini tezlashtirish uchun samarali yechim sifatida iqlim siyosati bo‘yicha kengash tashkil etish taklif etilmoqda, – dedi Kanokpan Lao-Araya xonim.  

Taqdimotda xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida o‘sish sur’ati sekinlashishi, xususiy iste’mol va investitsiyalar biroz sustlashishi kutilayotgani ta’kidlandi. Energetika sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va pul-kredit siyosatining qat’iylashishi ta’sirlarining muvozanatlashuvchi hisobiga inflyatsiya sur’atlarining barqaror darajada saqlanib qolinishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, unda byudjet-soliq siyosati, tushumlar va byudjet taqchilligi bilan bog‘liq masalalar ham tahlil qilingan.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA