Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 100 million AQSH dollari miqdorida qarz berdi
10:55 / 2021-12-10

Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi. Xabarda qayd etilishicha, Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga mamlakatdagi kichik va o‘rta biznes uchun qulay muhitni yaxshilash bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishda yordam berish uchun 100 million dollarlik siyosatga asoslangan kreditni ma’qulladi.

Mazkur kredit OTBning Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish dasturining birinchi kichik dasturini moliyalashtiradi.

OTBning Kichik va o‘rta korxonalarni rivojlantirish dasturi ikkita kichik dasturni o‘z ichiga oladi va kichik va o‘rta biznes uchun yanada samarali faoliyat hamda tijorat muhitini rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan.

Birinchi kichik dastur doirasida islohotlar kredit resurslari cheklangan kichik va o‘rta biznes sub’ektlari faoliyatini kengaytirishga yordam berish uchun mavjud moliyaviy vositalarni diversifikatsiya qilishni va ular olishi kerak bo‘lgan ruxsatnomalar va litsenziyalar sonini qisqartirishni o‘z ichiga oladi. Ushbu va boshqa islohotlar, masalan, savdo operatsiyalari xarajatlarini kamaytirish va raqamlashtirishni oshirish 13 ming 500 ga yaqin ish o‘rinlarini yaratishga yordam berishi kutilmoqda.

– O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonini jadallashtirishda davom etmoqda va kichik va o‘rta korxonalar mamlakatda iqtisodiy o‘sish va ish o‘rinlarini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda, – dedi OTB Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha bosh direktori Yevgeniy Jukov.

Shuningdek xabarda qayd etilishicha, O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalar yalpi ichki mahsulotning yarmidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi va rasmiy va norasmiy ish o‘rinlarining uchdan ikki qismini ta’minlaydi.

OTB, shuningdek, davlat idoralariga dastur doirasidagi islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, kichik va o‘rta biznes uchun raqamli yechimlarni joriy etish orqali yordam berish uchun 250 ming AQSH dollari miqdoridagi texnik yordam grantini taqdim etadi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA