Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo Taraqqiyot banki O‘zbekistondagi yo‘l qurilishi uchun 233 mln dollar kredit ajratdi
09:48 / 2025-08-29

Osiyo Taraqqiyot banki matbuot xizmatining xabar berishicha, Osiyo Taraqqiyot banki Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (MOMIH)-2 koridorining asosiy qismini modernizatsiya qilish loyihasini tasdiqladi.

Loyiha doirasida A-380 yo‘lining qariyb 87 km yangilanadi, jumladan To‘rtko‘l — Ellikqal’a — Beruniy yangi aylanma yo‘li quriladi. Intellektual transport tizimlari joriy etilib, yuk mashinalari vaznini nazorat qilish, elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari bo‘lgan dam olish joylari yaratiladi.

— Investitsiyalar O‘zbekistonning mintaqaviy tranzit markazi sifatidagi rolini mustahkamlab, Qoraqalpog‘istonda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi. Iqlimga chidamli infratuzilma va intellektual transport tizimlarini joriy etish uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlab, odamlar va biznes uchun sayohatni xavfsizroq va samaraliroq qiladi, — deydi OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya.

Xabarda ma’lum qilinishicha, loyihaning umumiy qiymati qariyb 294 mln dollar bo‘lib, shundan OTB hissasi 233,1 mln dollarni tashkil qiladi.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA