So‘nggi yillarda mamlakatimizda kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash, aholini barqaror va xavfsiz issiqlik ta’minoti bilan ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. Ayniqsa, issiqlik tarmoqlarining eskirishi va energiya yo‘qotishlarining yuqoriligi tizimli yechimlarni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan, 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan “Issiqlikta’minoti” aksiyadorlik jamiyati hamda Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik loyihalari kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida e’tirof etilmoqda.
2026-2030 yillar O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti tizimini tubdan yangilash va modernizatsiya qilishda muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda. Dastlabki kelishuvlarga muvofiq, “Issiqlikta’minoti” aksiyadorlik jamiyati hamda Osiyo taraqqiyoti banki o‘rtasidagi xalqaro hamkorlik doirasida qator yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
“Issiqlikta’minoti” AJ ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur davr mobaynida 207 million AQSH dollari mablag‘lari hisobidan
475,8 kilometr issiqlik tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, umumiy quvvati 130 MVt bo‘lgan zamonaviy qozonxonalar barpo etish, shuningdek, 1 357 ta individual issiqlik punktlari (IIP) o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Loyihalar to‘liq amalga oshirilganda 2 260 ta ko‘p qavatli uy, ya’ni 96 327 ta xonadon, shuningdek, 402 ta ijtimoiy soha ob’ekti — maktablar, bolalar bog‘chalari, tibbiyot muassasalari markazlashgan, barqaror va xavfsiz issiqlik ta’minoti bilan ta’minlanadi.
Bu esa aholining turmush sifatini yaxshilash bilan birga, energiya samaradorligini oshirish, issiqlik yo‘qotishlarini keskin kamaytirish va kommunal xizmatlar barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Loyihalar doirasida issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish va individual issiqlik punktlarini o‘rnatish
Navoiy viloyatining Navoiy va Zarafshon shaharlari, Uchquduq hamda Konimex tumanlari, Toshkent viloyatining Angren shahri, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, mazkur xalqaro hamkorlik loyihalari issiqlik ta’minoti sohasida yillar davomida to‘planib qolgan tizimli muammolarni bartaraf etish, eskirgan infratuzilmani bosqichma-bosqich yangilash hamda aholining kommunal xizmatlar sifatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish orqali ekspluatatsiya xarajatlarini qisqartirish, shahar va tumanlarda barqaror infratuzilmani shakllantirish imkonini ham yaratadi. Ayni loyihalar kommunal sohada islohotlarni chuqurlashtirish, xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy shahar muhitini barpo etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA