Munosabat
13 oktyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (OHICHK) navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tdi.
Bu so‘nggi bir oyda Markaziy Osiyo davlatlari mezbonlik qilayotgan ikkinchi nufuzli forum ekanligi bilan yanada ahamiyatlidir. Sababi, ushbu ikki forum doirasida bugun dunyoda yuzaga kelayotgan yangi geosiyosiy voqelik jarayonlarida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan dunyo yetakchilari bir davrada jamlanib, Osiyo qit’asi hamda unga tutash bo‘lgan mintaqa davlatlari taraqqiyotiga xizmat qiluvchi masalalarda o‘zaro fikr almashdilar.
bugungi kunda 28 ta davlat a’zo bo‘lgan, yana 9 ta mamlakat va 5 ta xalqaro tashkilot kuzatuvchi maqomiga ega OHICHKning Ostona samitida 50 ga yaqin a’zo mamlakatlar va kuzatuvchilar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etdi.
Sammitda nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dunyoda ro‘y berayotgan bugungi vaziyatga baho berib, xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora o‘sib, muloqot va ishonch misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Xususan, davlatimiz rahbari yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi, inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilib, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirayotganligiga e’tibor qaratdi.
Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tomonidan mintaqa va kengashga a’zo davlatlar taraqqiyotini ta’minlash, tashkilot doirasida faollikni oshirishga qaratilgan oltita tashabbus ilgari surildi.
Jumladan, birinchi tashabbus – Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab qilishi, bugun dunyoda ro‘y berayotgan boshqa o‘tkir xalqaro muammolarning qalqib chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolayotganligi ta’kidlanib, Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Sir emaski, O‘zbekiston rahbari tomonidan doimiy ravishda xalqaro va mintaqaviy darajadagi anjumanlarda jafokash afg‘on xalqi turmush farovonligini oshirish, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklashda e’tibor va hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar ilgari surib kelinadi.
Sababi, ushbu davlatda o‘rnatilgan tinchlik va xotirjamlik nafaqat afg‘on xalqi, shu bilan birga, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari hamda mintaqa taraqqiyoti uchun muhim sanaladi. Buni birgina, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” trans-afg‘on temir yo‘l loyihasi misolida ham ko‘rish mumkin. Loyihaning amalga oshirilishi butun mintaqa davlatlari iqtisodiyoti bilan bir qatorda o‘zaro do‘stlik aloqalari yanada mustahkamlanishi, bugun dunyoda global muammolardan biri bo‘lib borayotgan oziq-ovqat zanjirining uzluksiz ta’minlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, davlatimiz rahabri tomonidan ilgari surilgan yana bir – yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrat va shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatish tashabbusi ham bugun alohida e’tibor talab qilinishi lozim bo‘lgan masala hisoblanadi.
Boisi, bugun bunday oqimlar domiga tushib qolgan yoshlarimiz nafaqat o‘zlari, shu bilan birga, tengdoshlarining ham umriga zomin bo‘lishmoqda. Shuningdek, ularning yot g‘oyalar ta’sirida qilgan xatti-harakatlari o‘zaro do‘st va qardosh hisoblangan xalq va davlatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar rivojiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bois, Prezidentimiz tomonidan Yoshlar kengashi hamraisi sifatida turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashuvchi yangi formatni – Avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yish taklif qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotini global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashtirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, iqtisodiyotlarimiz global inqirozning o‘sib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashuviga erishish maqsadida proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik qayd etildi. Shuningdek, Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni, birinchi galda, ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘lovchi transport yo‘laklarini yaratish hisobiga kuchaytirish muhim ekanligi ta’kidlandi.
To‘rtinchi tashabbus – jahon sanoat inqilobining yangi bosqichiga o‘tishning asosi bo‘lgan bilimlar iqtisodiyotini innovatsiyalar transferi salohiyatini yanada to‘liqroq ishga solish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish, "bulutli" texnologiyalar, sun’iy intellekt, "buyumlar interneti"ni rivojlantirish kabi yo‘nalishlar doirasida amalga oshirish taklif etildi.
Umuman olganda, Prezidentimiz tomonidan oziq-ovqat inqirozining oqibatlarini bartaraf etish, ekologiya va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish hamda mamlakatlarimizni jadal ko‘kalamzorlashtirish va ekotizimlar bog‘liqligini qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar yuzasidan ham takliflar bildirib o‘tildi.
Xulosa qilib aytgan, bu kabi tashabbuslarning tashkilot faoliyati doirasida tatbiq etilishi, bugun yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik davrida butun Osiyo qit’asining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Mahfirat XUSHVAQTOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA