Ma’lumki, joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari Xitoyda “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Boshlanishiga 11 kun qolgan qit’a o‘yinlarida mamlakatimiz sportchilari nechta sport turida qancha sportchi bilan ishtirok etadi? Qaysi sport yo‘nalishlarida hamyurtlarimiz “Xanchjou-2022”ning sovrinli o‘rinlariga da’vogarlik qiladi? Osiyo o‘yinlarining ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorligi qaysi sportchilarga ishonib topshiriladi?
Bu kabi qator savollar ko‘pchilikni qiziqtirayotgani bor gap.
Bugun, 12 sentyabr kuni poytaxtimizdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, shuningdek bir qator sport federatsiyalarning mas’ullari ishtirok etgan matbuot anjumanida yuqoridagi savollarga atroflicha javob berildi.
Aytish lozim, davlatimiz rahbarining 2022 yilning 5 maydagi “2023 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlari va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan terma jamoalar, alohida sportchilar uchun qit’a o‘yinlarida munosib natijalarga erishish uchun barcha shart-sharoitlar to‘la-to‘kis yaratib berildi.
Ichki va xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, zarur mablag‘, tibbiy ko‘mak, ijtimoiy va iqtisodiy qo‘llov hamma davrlardagidan-da yuqori bo‘ldi. Yaratilgan imkoniyatga munosib bo‘lish sportchilarimizning salohiyatiga, murabbiy-mutaxassislarning texnik-taktik harakatiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
[gallery-13548]
Xanchjou shahrida (Xitoy) o‘tadigan XIX yozgi Osiyo o‘yinlarida 59 ta sport turi bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan musobaqalarda 46 ta davlatning 11 ming nafardan ziyod sportchilari 479 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, o‘yinlarda O‘zbekiston delegatsiyasi 38 ta sport turidan 370 nafardan ziyod sportchi bilan ishtirok etishi rejalashtirilmoqda. Hamyurtlarimiz 32 ta olimpiya, 6 ta noolimpiya sport turlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
“Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlarining O‘zbekiston uchun yana bir o‘ziga xos jihati, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi bo‘lgan kurash musobaqalari o‘tkazilishidir. Zotan, qit’a musobaqalaridagi kurash bahslarida Osiyo mamlakatlarining sportchilari bayrog‘imizdan jilo olgan kurash liboslarida, o‘zbekona sport iboralari boshqaruvida bellashadi.
Matbuot anjumani jarayonida yana ikki yildan keyin mamlakatimizda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Toshkent-2025” Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning borishi xususida so‘z yuritildi.
Bundan tashqari, jurnalistlarning Osiyo o‘yinlarida shaxmat, kibersport, stol tennisi, badminton, futbol, dzyudo, ot sport turlari bo‘yicha vakillarimizning ishtiroki, tayyorgarligi kabi masalalar borasidagi savollari ham ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Savol-javoblarga boy bo‘lgan anjuman yakunida yoshlar siyosati va sport vaziri A.Ikromov Osiyo o‘yinlarining mamlakatimiz sport hayotidagi ahamiyati nechog‘li yuqori ekanligini ta’kidlab, “Xanchjou-2022” o‘yinlarida sportchilarimizning ishtiroki haqidagi xabar va lavhalarni xalqimizga to‘laqonli yetkazishda ommaviy axborot vositalarining munosib o‘rni borligini bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yili Indoneziyaning Jakarta-Palenbang shaharlarida o‘tgan XVIII Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medaliga ega chiqib, umumjamoa hisobida 5-o‘rinni egallagan edi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA