Ertaga – 26 fevral kuni Samarqand shahridagi Yakkakurashlarga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi majmuasida kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlanadi.
Shu munosabat bilan ayni kunlarda qadimiy va hamisha navqiron shaharda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan kurash trenerlari va hakamlari uchun o‘quv-seminar tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston kurash federatsiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ham nazariy, ham amaliy mashg‘ulotlar tarzda o‘tkazilayotgan seminar mashg‘ulotlarida 40 nafarga yaqin mutaxassislar ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlarni Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, xalqaro tajribaga ega kurash mutaxassislari olib borishmoqda.
Bugun – 25 fevral kuni nufuzli musobaqa oldidan sport jamoalari, chempionatni olib boradigan hakamlar uchun mandat komissiyasining yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Musobaqaning birinchi kunida 60, 66 kg vazn toifasida erkaklar hamda 48,52 vaznda qizlar o‘rtasida eng kuchli kurashchilar aniqlanadi. Ikkinchi kungi bellashuvlarda 73, 81, 90 kg vaznda erkaklar hamda 57, 63, 70 vazn toifasida qizlar bellashishadi.
Chempionatning uchinchi kunida esa eng og‘ir vazndagi (100,+100 kg) polvonlar kurash gilamiga chiqsalar, 78, 87, +87 vaznda qizlar o‘rtasida mamlakat chempionlari nomi ma’lum bo‘ladi.
Kalendar rejaga binoan O‘zbekiston chempionati bahslari 26-28 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi
Kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rizamat Soliyevning ma’lum qilishicha, aynan Samarqand bahslarida saralangan sportchilar kelgusida mamlakat terma jamoasiga nomzod bo‘lishadi. Ular orasidan saralanganlar joriy yil Xitoyda o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlarida vatanimiz sharafini himoya qiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA