Milliy olimpiya qo‘mitasida 2022 yil yakunlari hamda 2023 yilning eng muhim sport musobaqalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ushbu savollarga javob berildi.
Anjuman avvalida o‘tgan yil davomida olimpiya sport turlari bo‘yicha mamlakatimiz sportchilari qo‘lga kiritgan natijalar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, ortda qolgan yilda yurtimiz sportchilari Rossiyaning Vladivostok shahrida o‘tgan «Osiyo bolalari» o‘yinlarida, Turkiyadagi «Islom birdamligi» o‘yinlari kabi kompleks musobaqalarda munosib natijalarni qayd etdi.
O‘tgan yil davomida O‘zbekistonda xorijiy davlatlarning tajribasidan unumli foydalanish maqsadida 18 ta sport turi bo‘yicha 16 davlatdan 38 nafar malakali trener-mutaxassislar taklif etildi. Ular bugungi kunda olimpiya sport turlarida samarali faoliyat olib bormoqda.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev bundan ikki yil muqaddam "Tokio-2020" Olimpiadasi ishtirokchilari bilan uchrashuvda mamlakatimizda olimpiya harakatini rivojlantirish borasida so‘z yuritib, to‘rt yillik o‘yinlarda jamoaviy sport turlari bo‘yicha natijalarni yanada yaxshilash lozimligi bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar berib o‘tgan edi. Ushbu ko‘rsatma va tegishli qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yillar davomida tizimli ishlar amalga oshirildi.
[gallery-11226]
Jumladan, futbol, voleybol, chim ustida xokkey, basketbol(3X3) yo‘nalishlarida sezilarli yutuqlarga erishildi. Yosh futbolchilarimizning qit’a chempionatida zafar quchishi, chim ustida xokkey bo‘yicha erkaklar va ayollar jamoalarining bu yilgi Osiyo o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgani vazifalar amalda o‘z ifodasini topayotganidan dalolatdir.
Yurtimiz olimpiyachilari uchun "Xanchjou-2022" Osiyo o‘yinlari joriy yildagi eng muhim sport tadbiri sanaladi. "Parij-2024" Olimpiadasiga tayyorgarlikning asosiy nuqtasi hisoblangan qit’a o‘yinlarida yurtimizning 400 dan ortiq sportchilari 39 sport turida ishtirok etishni rejalashtirmoqda. 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida bu ko‘rsatkich 30 ta sport turida 232 nafar sportchini tashkil etgan edi.
"Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlariga mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 18 ta federatsiya 25 ta sport turida 400 dan ortiq sportchi bilan tayyorgarlik ko‘rmoqda. Olimpiya yo‘llanmalari soni bu gal 100 dan ortiq bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Matbuot anjumanida joriy yil Toshkentda o‘tkazilishi kutilayotgan jahon chempionatlariga tayyorgarlik, "Toshkent-2025" Osiyo o‘yinlari, mamlakatimiz sportchilarining Osiyo olimpiya kengashi atletlar komissiyasidan joy olish imkoniyati, bir necha yillardan beri o‘tkazilishi kechikib kelayotgan Markaziy Osiyo o‘yinlari kabi masalalar xususida ham atroflicha fikr yuritildi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA