O‘zbekiston 45 ta davlat orasida 4-o‘rinda bormoqda. Natija saqlab qolinadimi? Xitoyda davom etayotgan 19-Osiyo o‘yinlarining medallari uchun qizg‘in kurashlarga boy musobaqalarning uchinchi kuni ortda qoldi. Bugun kun davomida o‘tkazilgan shiddatli bahslar natijasida mamlakatimiz sportchilari bir qator sport turlarida medallarga sazovor bo‘ldi.
Kun davomida dzyudo, taekvondo, o‘q otish, ushu sport turlarida qo‘lga kiritilgan sovrinli o‘rinlar tufayli “kichik olimpiada” o‘yinlarida O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz yuksaldi. Ortda qolgan uch kunlik sovrinli o‘rinlar sarhisobiga ko‘ra, Xitoy sportchilari 48 ta oltin, 25 ta kumush, 13 ta bronza medal bilan umum jamoada yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, ulardan keyingi pog‘onani band etgan Janubiy Koreya delegatsiyasi 7-19-14 ta, jami 46 ta medal bilan 2-o‘rinda bormoqda.
Yaponiya sportchilari 6-18-14 ta, jami 38 ta medalga ega chiqqan holda 3-o‘rinni band etib turibdi. Vatanimiz sharafini himoya qilayotgan sportchilarimiz esa 5 ta oltin, 6 ta kumush, 10 ta bronza, jami 21 ta medal bilan 4-o‘rinda bormoqda. Bugungacha Osiyo o‘yinlarida qatnashayotgan 45 ta davlatdan 23 ta mamlakat vakillari u yoki bu darajadagi sovrinlarga ega bo‘lishdi. Umumiy hisobda 90 tadan ziyod medallar jamlanmasi o‘z egalariga topshirildi.
Xanchjou-2022 yozgi Osiyo o‘yinlarining ortda qolgan bahslari, kelgusida kutilayotgan natijalar xususida sport jurnalisti Olixo‘ja Bo‘ronov bilan suhbatlashdik. Suhbatning to‘liq matnini O‘zA ning yutub kanali orqali tamosha qilishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning 370 nafardan ziyod sportchilari 38 ta sport turidagi bellashuvlarda qit’a o‘yinlarining sovrinli o‘rinlari uchun kurash olib bormoqda. Musobaqalar 8 oktyabrga qadar davom etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/eE4kpCQ3IPY?si=M-LQ3sNT1UmLt6aU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>T. Ro‘ziyev,O‘zA