French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo o‘yinlari: Eng yuqori nuqta yaqinlashmoqda...
08:05 / 2023-10-05

Bugun, 5 oktyabr kuni Osiyo o‘yinlarining 12 kungi dasturidan o‘rin olgan 27 ta yo‘nalishda bellashuvlar o‘tkazilsa, shundan 14 tasida “kichik olimpiada” medallari uchun murosasiz kurashlar kechadi. O‘zbekiston sportchilarining 45 nafarga yaqini bugungi musobaqalarda ishtirok etishi rejalashtirilgan bo‘lsa, ularning 20 nafardan ziyodi medallar uchun kurash olib boradi.

Jumladan, yengil atletikachimiz Shoxrux Davlatov marafon bahslari finalida o‘z chiqishini amalga oshirsa, albpinizm musobaqalarining turli yo‘nalishlarida Artyom Baranov, Iroda Rapikova, Asal Islomova ishtirok etadi.

Kun davomida jiu-jitsuchilarimiz Husrav Xolov, Hasanjon Nabiyev, Sirojbek Rustamov, Sarvarbek Rahmonberdiyev, Gulnur Muratbayeva, karatechilarimiz Quvonchbek Muhammadiyev va Bonu Egamberdiyeva, slalomda eshkak eshishda Anvar Klevleyev, Alibek Temirgaliyev, Shahobiddin Boltaboyev, Jonibek Temirgaliyev, veloshossening jamoaviy poygalarida Dmitriy Bocharov, Murodjon Xolmurodov, Bekzodbek Rahimboyev, Akramjon Sunnatov, ayollar kurashida Jasmina Immayeva, Layloxon Sobirova, Aktenge Keunimjayeva, yunon-rum kurashchilaridan Rustam Assakalov, Temurbek Nasimov, og‘ir atletikachilaimizdan Sunnatilla O‘sarov, shuningdek, ot sporti vakillari Xanchjou-2022 sport maydonlarida vatanimiz sharafini himoya qilishga kirishmoqda.

Rustam Qosimjonov bosh murabbiyligidagi shaxmatchilarimiz 7-turda Janubiy Koreya jamoasi bilan kuch sinashsa, “aql gimnastikasi”da o‘z mahoratini ko‘rsatib kelayotgan shaxmatchi qizlarimiz Tailand vakillariga qarshi dona suradi.

5 oktyabr kuni yurtimiz boks muxlislari orziqib kutayotgan janglarni 51 kilogramm vaznda Hasanboy Do‘smatov boshlab beradi. Jahon boksida o‘z “dastxatiga” ega Hasanboy tailandlik Titisan Panmot bilan oltin medal masalasini hal etadi.

57 kilogrammda Parij-2024 yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan umidli sportchimiz Abdumalik Xolokov va yaponiyalik Shudai Harada qarama-qarshiligidagi jangda 19-Osiyo o‘yinlari g‘olibi aniqlanadi.

Dunyo sport ixlosmandlari e’tiboridagi uchrashuv – og‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov va qozog‘istonlik Kamshibek Konkabayev o‘rtasidagi jang so‘zsiz Osiyo o‘yinlarining eng yuqori nuqtasidagi bashlaridan biri bo‘lib tarixga kirishi shubhasiz.  

Xanchjou-2022 o‘yinlarining ortda qolgan o‘n bir kunlik sovrinli o‘rinlar sarhisobiga ko‘ra, Xitoy terma jamoasi 171-94-51 medallarga ega chiqqan holda umumjamoada yakka peshqadamlik qilmoqda.

Keyingi o‘rinlardan joy olgan Yaponiya (37-51-59), Janubiy Koreya (33-45-70), Hindiston (18-31-32), O‘zbekiston (16-16-22), Xitoy Taypeyi (12-14-20), Tailand (10-12-24), Shimoliy Koreya (9-11-8) davlatlari o‘z o‘rinlarini yanada mustahkamlash uchun kurash olib bormoqda.  

Sovrinli o‘rinlar holatidan ham ko‘rinib turibdiki, birinchi, ikkinchi va uchinchi qatorlarning egalari deyarli ma’lum. Ulardan keyingi 4-5 pog‘onalar uchun poyga esa Osiyo o‘yinlarining qolgan to‘rt kunida Hindiston, O‘zbekiston, Xitoy Taypeyi, Tailand sport jamoalari orasida yanada shiddatli kechishi tayin. Bu safga hozirgacha 9 tadan 6 tagacha oltin medallarni jamg‘argan Gonkong, Eron, Baxrayn, Indoneziya kabi davlat vakillari ham qo‘shilishga harakat qilishi bor gap.  

Osiyo o‘yinlarining biri-biridan qiziqarli, kutilgan-kutilmagan natijalarga boy musobaqalarida hamyurtlarimiz yangi O‘zbekistonning yangi g‘alabalarini ta’minlashini qalb qo‘rimiz bilan istab qolamiz.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA