French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo o‘yinlari: Dastlabki medallar o‘z egalariga topshirildi
11:45 / 2023-09-24

Bugun, 24 sentyabr kuni erta tongdan mamlakatimiz sportchilari 19-Osiyo o‘yinlarining bir qator sport turlari bo‘yicha bellashuvlarda ishtirok etdi.

XIX yozgi Osiyo o‘yinlarining akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida yengil vazn toifasidagi juftlik dasturida ishtirok etgan Luizaxon Islomova hamda Malika Tagmatova ilk medalni delegatsiyamizga tuhfa etdi.  

Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasining ikkinchi medaliga akademik eshkak eshish bo‘yicha erkaklar o‘rtasida yengil vaznli sportchilar bahsida Shahzod Nurmatov hamda Sobirjon Safaraliyev sazovor bo‘ldi. Ular shiddatli poyga natijasida bronza medaliga ega chiqdi. Oltin va kumush medallar esa Xitoy hamda Hindiston jamoalariga nasib etdi.  

"Xanchjou-2022" o‘yinlarining o‘zbekistonliklar uchun qadrli bo‘lgan uchinchi medalini ham yurtimiz akademik eshkak eshuvchilari qo‘lga kiritdi. Bu gal M2x dasturida ishtirok etgan Shahboz Xolmirzayev hamda Mehrojbek Mamatqulov juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi. Mazkur startda oltin medal Xitoy, bronza medali esa Indoneziya vakillariga nasib etdi.  

"Xanchjou-2022" bahslarining akademik eshkak eshish sport turidagi yana bir kumush medali M2- dasturida qatnashgan sportchilarimiz Shehroz Hakimov hamda Dilshodjon Xudoyberdiyevga tegishli bo‘ldi. Ular marra chizig‘ini ikkinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Ushbu dasturda oltin medalga Gonkong, bronza medaliga esa Hindiston jamoasi erishdi.  

Osiyo o‘yinlarida ilk bashlarini o‘tkazgan dzyudochilarimizdan Halima Qurbonova 48 kilogrammda ilk g‘abalasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Dilshod Baratov 60 kilogramm og‘irlikda imkoniyatni boy berib qo‘ydi.  

Zamonaviy beshkurashchimiz Alise Faxrutdinova musobaqani 1327 ochko bilan 7-o‘rinda tugatdi. Quvonarlisi, ushbu natija Faxrutdinovaga "Parij-2024" Olimpiadasi yo‘llanmasini taqdim qildi.  

Bugun, shuningdek qilichbozlarimiz va bokschilarimiz ham Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini boshladi.  

Ortda qolgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston sport jamoasi hozircha 3 ta kumush va 1 ta bronza medaliga ega bo‘lib turibdi. Umumjamoada 11 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medali bilan Xitoy jamoasi yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, ulardan keyingi o‘rinlarda Gonkong, Hindiston, O‘zbekiston, Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlari bormoqda.  

Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabrga qadar davom etadigan Osiyo o‘yinlarida 45 ta davlatning 12 mingdan ziyod sportchilari ishtirok etmoqda.  

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA