Xanchjou shahrida o‘tayotgan XIX Osiyo o‘yinlarining navbatdagi kuni ham yakunlanmoqda.
Bugungi kungi bahslarda delegatsiyamiz o‘q otish, dzyudo, tennis, boks, 3x3 basketbol, akademik eshkak eshish, futbol, gandbol, suzish, suv polosi, taekvondo WT, qilichbozlik, shaxmat va ushu sport turlari bo‘yicha bahslarda ishtirok etdi.
Hozirga qadar o‘tgan bellashuvlarda sportchilarimiz 3 oltin, 1 kumush va 3 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Musobaqalarning tonggi dasturida akademik eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tgan yakkalik dasturida hamyurtimiz Anna Prakaten, mazkur sport turining M4- yo‘nalishida Shehroz Hakimov, Davrjon Davronov, Dilshodjon Xudoyberdiyev va Alisher Turdiyev kvarteti marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Akademik eshkak eshish bo‘yicha M4X yo‘nalishida ishtirok etgan Shahzod Nurmatov, Shahboz Xolmurzayev, Mehrojbek Mamatqulov va Sobirjon Safaraliyev to‘rtligi delegatsiyamiz hisobiga kumush medalni taqdim etdi.
Shu tariqa akademik eshkak eshuvchilarimiz Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroklarini yakunladi. Sportchilarimiz musobaqa davomida 2 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, mazkur dasturda Xitoydan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi.
Bugungi kunning navbatdagi oltin medali dzyudo bo‘yicha mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Murodjon Yo‘ldoshev tomonidan qo‘lga kiritildi. Polvonimiz 73 kilogramm vazn toifasining final bellashuvida yaponiyalik Soiti Xasimotoni mag‘lubiyatga uchratdi va Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Dzyudo bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi bahslarda Gulnoza Matniyozova Xitoy Taypeyi vakili Yu Jung Liaoni 10:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, delegatsiyamiz hisobiga navbatdagi bronza medalini taqdim etdi.
Taekvondo bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Madinabonu Mannopova bronza medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, erkaklar o‘rtasidagi jamoaviy aralash bahslarida Shuhrat Salayev, Jasurbek Jaysunov, Svetlana Osipova hamda Ozoda Sobirjonovadan iborat jamoa bronza medalini delegatsiyamizga keltirdi.
Osiyo o‘yinlarining futbol musobaqasida O‘zbekiston terma jamoasi “C” guruhida Gonkong termasini 2:1 hisobida yengib, 6 ochko bilan birinchi o‘rindan joy oldi va pley-off bosqichida Indoneziya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi. Shuningdek, shaxmat bahslarida Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov o‘zaro durang qayd etdi. Umida Omonova mo‘g‘ulistonlik raqibidan ustun keldi. Nilufar Yoqubboyeva esa hindistonlik raqibi bilan durang o‘ynadi. 3x3 basketbol bahslarida qizlarimiz Hindistonni 19:14 hisobida mag‘lub etdi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlarida qit’aning 45 davlatidan 12 ming 417 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Unda O‘zbekiston sport delegatsiyasi 38 sport turi bo‘yicha 370 nafardan ziyod sportchi bilan ishtirok etmoqda. 32 ta olimpiya, 6 ta noolimpiya sport turlari bo‘yicha medallar uchun kurash olib bormoqda.
O‘yinlarda O‘zbekiston sport delegatsiyasi 4 tadan oltin, kumush va 6 ta bronza, 14 medal jamg‘argan holda to‘rtinchi pog‘onada bormoqda. Medal jamg‘arish borasida Xitoy sportchilari 34 oltin, 17 kumush va 8 bronza bilan birinchi bo‘lib turibdi. Janubiy Koreya delegatsiyasi 8 ta oltin, 9 ta kumush, 10 ta bronza bilan ikkinchi, yaponiyaliklar esa 5 oltin, 12 kumush hamda 11 bronza bilan kuchli uchlikni yakunlamoqda.
Ertaga, 26 sentyabr kuni sportchilarimiz boks, shaxmat,chim ustida xokkey, dzyudo, qilichbozlik, taekvondo, tennis, suv polosi, sport gimnastikasi va ushu kabi bir qator sport turlari bo‘yicha o‘tadigan bahslarda ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri