Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo-Okeaniya chempionatida qatnashishga nomzod sambochilar “Jar”da saralandi
11:02 / 2024-03-01

Poytaxtimizdagi “Jar” sport majmuasida sambo va jangovar sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasida uch kun davom etgan O‘zbekiston chempionati yakunlandi.

Kecha chempionatning so‘nggi kunida o‘z vazn toifalarida Indira Elmuratova, Feruza Xo‘rozova, Ne’mat Yoqubov, Nurbek To‘rayev, Sherbek Xo‘jamqulov, Musaxon Ziyadinov, Sohibjon Hasanboyev g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.  

Mamlakat birinchiligi joriy yilning 28-30-iyun kunlari Makaoda o‘tadigan Osiyo-Okeaniya chempionatiga nomzodlarni saralashga qaratilgani sababli ham har bir bellashuv murosasiz kechdi.  

Mamlakatimizning barcha hududlaridan 400 nafardan ortiq sambochilar qatnashgan chempionat sarhisobiga ko‘ra, umumjamoa hisobida 4 ta oltin medalga ega chiqqan Samarqand viloyati jamoasi 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Toshkent shahri sambochilari 2-o‘rin, Buxoro viloyati vakillari 3-o‘rindan joy oldi.  

—Chempionat har jihatdan yuqori saviyada tashkil etildi. Musobaqa jarayonida mahoratli sportchilarni aniqlash bilan birga, xalqaro turnirlarda, jahon va qit’a chempionatlarida hakamlik qilishga nomzod mutaxassislar ham sinovdan o‘tkazildi, — deydi O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi raisining o‘rinbosari Islom Odilov.  

O‘zbekiston chempionatining g‘olib va sovrindorlari Sport vazirligi, O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi tomonidan ta’sis etilgan diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

T.Ro‘ziyev, O‘zA