Saudiya Arabistoni mezbonligida o‘tayotgan U17 yosh toifasidagi Osiyo kubogi bahslarida bugun yarim final bahslari o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston — KXDR va Saudiya Arabistoni – Janubiy Koreya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlarga guvoh bo‘lamiz.
Toshkent vaqti bilan soat 22:15da Toif shahridagi «Qirol Fahd« stadionida start oladigan O‘zbekiston va KXDR terma jamoalari uchrashuvida futbolchilarimiz an’anaviy oq, darvozabonimiz esa yashil libosda maydonga tushadi.
Yarim finalga qadar Islom Ismoilov boshchiligidagi terma jamoamiz qayd etgan natijalarni yodga olsak.

U17 yosh toifasidagi O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo kubogida «A» guruhidan o‘rin oldi. Ushbu guruhda dastlab, Tailand termasini 4:1, ikkinchi turda Xitoyni 2:1 hisobida yengib, Qatarda bo‘ladigan Jahon chempionatiga yo‘llanmani naqd qildi. Guruh bosqichining so‘nggi turida Saudiya Arabistonini 3:0 hisobida taslim qildi. Shuningdek, chorak final bosqichida BAA terma jamoasini 3:1 hisobida mag‘lub etib, yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

O‘tgan ushbu uchrashuvlarda raqiblar darvozasiga jami 5 ta gol urgan futbolchimiz Asilbek Aliyev ayni vaqtda Osiyo kubogining to‘purarlar ro‘yxatida karvonboshilik qilmoqda. Uni 3 ta gol urgan holda Kim Eung Song (Janubiy Koreya), Ri Kang Rim (KXDR), Evandra Florasta (Indoneziya) va Minato Yoshida (Yaponiya) ta’qib qilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish lozimki, Evandra Florasta va Minato Yoshidaning terma jamoalari mazkur musobaqa bilan xayrlashgani bois, to‘purarlar ro‘yxatida boshqa gol urishga imkoni bo‘lmaydi. Qolgan yuqoridagi ikki futbolchida bu imkoniyat saqlanib qolmoqda.

Yosh futbolchilarimiz qit’a kubogida ana shunday har jabhada ustun ekanliklarini ko‘rsatishmoqda. O‘ylaymizki, Qatarda o‘tadigan mundialda ham ushbu termamiz ulkan muvaffaqiyatlarga erishgan holda mamlakatimiz futbolida tarixiy natija qayd etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA