Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Osiyo kubogi: Bugun O‘zbekiston Avstraliyaga qarshi maydonga tushadi
10:42 / 2024-01-23

Qatar poytaxti Doha shahrida futbol bo‘yicha Osiyo kubogi bahslari ham qizg‘in pallaga kirmoqda. 22 yanvar kunidan boshlab musobaqaning uchinchi tur uchrashuvlariga start berildi. “A” guruhidan o‘rin olgan Tojikiston – Livan va Qatar – Xitoy terma jamoalari 1/8 final yo‘llanmasi uchun o‘zaro raqobatlashdi.

Guruhdagi vaziyatga ko‘ra, Qatar terma jamoasi muddatidan oldin nimchorak final bosqichiga chiqqan bo‘lsa-da, qolgan uch terma jamoa uchun ikkinchi o‘rin sohibi sifatida 1/8 finalga yo‘l olish imkoniyati bor edi. Ana shunday imkoniyatdan Tojikiston terma jamoasi unumli foydalandi. Ular so‘nggi turda Livan ustidan 2:1 hisobida ustun keldi va 4 ochko jamg‘argan holda pley-offga yo‘l oldi. Ajoyib natija: ilk turnir, ilk g‘alaba va ilk nimchorak final. Musobaqa mezboni Qatar esa Xitoyni 1:0 hisobida yengib, guruhda yuz foizlik natija qayd etdi. Shu tariqa, Xitoy 2 ochko, Livan esa 1 ochko bilan 3-4-pog‘onada qoldi.  

Endi Tojikiston terma jamoasi 28 yanvar kuni “Ahmad bin Ali” stadionida “C” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan terma jamoa bilan chorak final yo‘llanmasi uchun bahs olib boradi. Qatar esa nimchorak finalda 29 yanvar kuni “Al Bayt” stadionida “C”, “D” yoki “E” guruhida uchinchi o‘rinni qayd etgan va eng yaxshi natija ko‘rsatgan terma jamoalarning biri bilan o‘ynaydi.  

Bugun Osiyo kubogining “V” guruhida uchinchi turdan o‘rin olgan Avstraliya – O‘zbekiston va Suriya – Hindiston uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu o‘yinlar bir xil vaqtda, aniqrog‘i, Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da boshlanadi.  

O‘zbekiston futbol ixlosmandlari uchun ahamiyatli bo‘lgan Avstraliya – O‘zbekiston bahsi Doha shahridagi "Abdullah bin Xalifa” stadionida bo‘lib o‘tadi. Mazkur uchrashuvni Araki Yusuke (Yaponiya) bosh hakam sifatida boshqaradi. Qanot hakamlari sifatida Mihara Jun, Takagi Takumi (Yaponiya) ishlaydi. Zaxira hakami esa xitoylik Ma Ning, “VAR”da Iida Jumpei (Yaponiya) faoliyat ko‘rsatadi. Unga boshqa bir xitoylik hakam Fu Ming yordam beradi.  

O‘zbekiston va Avstraliya terma jamoasi haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tadigan bo‘lsak.  

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi musobaqasining final bosqichida 1996 yildan buyon ishtirok etib kelmoqda. Terma jamoamiz 2004 yil Xitoyda va uch yildan so‘ng to‘rtta mamlakat – Vetnam, Indoneziya, Tailand hamda Malayziyada, 2015 yili Avstraliyada tashkil etilgan musobaqada chorak finalga chiqdi. 2011 yil Qatarda o‘tkazilgan qit’a kubogi bahslarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim finalgacha yetib bordi 2019 yilgi qit’a chempionatida esa vakillarimizga 1/8 final bosqichi nasib etgan edi.    

Avstraliya Osiyo futbol konfederatsiyasiga 2006 yili qo‘shilgan va Osiyo kubogida oltinchi marotaba ishtirok etmoqda. Bu vaqt mobaynida 2011 yili Qatarda o‘tgan Osiyo kubogida kumush, 2015 yili esa o‘z mamlakatida oltin medalni qo‘lga kiritgan.  

Bugunga qadar O‘zbekiston va Avstraliya terma jamoalari rasmiy to‘rtta uchrashuv o‘tkazgan. Dastlabki uchtasida raqib qo‘li baland kelgan va so‘nggi bahsda hisob ochilmagan.    

Ha, bugun futbolchilarimiz uchun mas’uliyatli o‘yin bo‘lib o‘tadi. To‘g‘ri raqib kuchli, ammo bizning futbolchilarimiz ham ulardan kam emas. Futbolimizning yangi avlodi nimalarga qodir ekani va Srechko Katanets bir necha yillik tayyorgarlik natijasini aynan shu o‘yinda guvohi bo‘lamiz.  

Darvoqe, bugun "S" guruhida ham 3-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Unda Eron – BAA, Falastin – Gongkong terma jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. Mazkur o‘yinlar Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanaldi.  

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA