Osiyo kubogi: Bugun chorak final bosqichi boshlanadi
Saudiya Arabistoni yashil maydonlarida 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo kubogida bugun chorak final bosqichiga start beriladi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Osiyo kubogining chorak finali doirasidagi bugungi bahslarda dastlab Yaponiya va Iordaniya, so‘ngra Vetnam – BAA termalari o‘zaro to‘qnash keladi. Ushbu uchrashuvlar mamlakatimiz vaqti bilan soat 16:30 va 20:30 da boshlanadi.

Ertaga, 17 yanvar kuni O‘zbekiston hamda Xitoy termalari o‘rtasidagi o‘yin soat 16:30da, Janubiy Koreya va Avstraliya bahsi soat 20:30 da o‘tkaziladi.
Darvoqe, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining Xitoyga qarshi to‘qnashuvini bahraynlik Ammar Ibrohim Hasan Mahfud boshqarib boradi. Unga qanotlarda Muhammad Ja’far Muhammad Salmon (Bahrayn) va Nosir Solim Abdulloh Ambusaidiy (Ummon) yordam beradi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA